Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubi Madridning “Real” jamoasi bilan hujumchi Vinisius Juniorning transferi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Indykaila News nashri o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Saudiya Arabistoni klubi 25 yoshli braziliyalik futbolchining transferi uchun “qirollik klubi”ga 300 million funt sterling (taxminan 345 million yevro) taklif qilishga tayyor. Agar Vinisius “Real” bilan 2027-yil 30-iyunda yakunlanadigan shartnomasini uzaytira olmasa, transfer 2026-yilning yozida amalga oshishi mumkin.
Avvalroq, ommaviy axborot vositalarda Vinisius va “Real Madrid” rahbariyati yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmaganini haqida xabarlar tarqalgan edi. Chunki braziliyalik forvard klubning eng ko‘p maosh oladigan futbolchiga aylanishni istamoqda. Ammo rahbariyat uning istaklarini qanoatlantirmoqchi emas.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum Vinisius Junior barcha musobaqalar doirasida jami 10 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 5 ta gol urgan va 4 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 150 million yevroga baholamoqda.








