Suriya Markaziy banki mamlakat milliy valyutasini modernizatsiya qilishga kirishdi. Bank rahbari Abdulqodir Xusariyeh ushbu maqsadda rasm va belgilarsiz 6 ta yangi banknota chiqarilishini ma’lum qildi.
Xusariyehning SANA nashriga bergan intervyusida yangi pullar turli o‘lchamlarda bo‘lishini aytgan — kichik, o‘rta va katta. Unga ko‘ra, milliy valyutani modernizatsiya qilish uchun rasm va ramzlarsiz yangi pul seriyasi chiqariladi. Yangi banknotalar xalqaro standartlarga mos kelib, tekshirish uchun qulay bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Bosib chiqarish jarayoni tugagach, pullar haqida batafsil ma’lumot beriladi. Markaziy bank rahbari yangi pullar eski pullar o‘rnini bosishini, lekin pul massasini ko‘paytirmasligini ta’kidlagan.
“Bu modernizatsiyaga ilk qadamdir. Maqsad pul massasini ko‘paytirish emas, balki bozor likvidligini tartibga solish va narxlarning barqarorligini ta’minlash uchun maqsadli monetar siyosatni amalga oshirishdir. Biz bunga erishamiz”, degan Abdulqodir Xusariyeh.
Erondagi islohotlar
Ayni paytda Eronda ham milliy valyutaga o‘zgarishlar kiritilmoqda. Xususan, mamlakat parlamenti 5-oktyabr kuni milliy valyutadan to‘rtta nolni olib tashlash to‘g‘risidagi islohotni ma’qullagan. Sababi, bir necha yillik 35 foizdan yuqori inflyatsiya tufayli fors valyutasi keskin qadrsizlanib, erkin bozorda 1 AQSH dollarining narxi 1 150 000 rialga yetgan.
Parlamentning iqtisodiy komissiyasi rahbari Shamsuddin Husayn ushbu mavzu doirasida quyidagicha intervyu bergan:
“Valyutaning nomi rial bo‘lib qoladi. Ilgari surilayotgan o‘zgarish birdaniga amaliyotga tatbiq etilmaydi. Markaziy bank bu o‘zgarishga tayyorgarlik ko‘rish uchun 2 yil vaqt ketishini bildirdi. Shundan so‘ng 3 yillik o‘tish davri bo‘ladi, bu davrda eski va yangi pullar birgalikda muomalada bo‘ladi”.








