Daryo

Rasman. Konor Makgregor 18 oyga UFC musobaqalaridan chetlatildi

Irlandiyalik sportchi 2024-yil davomida uch marotaba o‘z joylashuvi haqidagi ma’lumotni taqdim qilmagan.

1 daqiqa o‘qish5 659 ko‘rishlar0 izoh0

UFC sobiq ikki karra chempioni, 37 yoshli irlandiyalik aralash jang san’ati ustasi Konor Makgregor 18 oyga musobaqalardan chetlashtirildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Unda yozilishicha, Makgregor 2024-yil davomida uch marotaba o‘z joylashuvi haqidagi ma’lumotni taqdim qilmagan. Shu sababli doping nazoratchilari undan biologik namunalar ololmagan. Antidoping qoidalariga ko‘ra, bu holat qoidabuzarlik sifatida baholanadi.

Qoidaga ko‘ra, UFC sportchilari har doim o‘z aniq joylashuvlari haqida ma’lumot taqdim etishlari shart, shunda ular bilan har qanday vaqtda bog‘lanish va oldindan ogohlantirishsiz tahlil olish imkoniyati bo‘ladi.

Makgregorning 2024-yil quyidagi sanalarda tahlil topshirmagan:

  • 2024-yil 13-iyun
  • 2024-yil 19-sentabr
  • 2024-yil 20-sentabr

Keyingi tekshiruv jarayonlarida Makgregor tashkilot bilan to‘liq hamkorlik qilgan va javobgarlikni tan olgan. Shuningdek, u ushbu davr mobaynida jarohatdan tiklanayotgan va hech qanday jangga tayyorgarlik ko‘rmayotgan edi. Shu sababli, odatdagi 2 yillik diskvalifikatsiya muddati 18 oygacha qisqartirilgan.

Natijada, Konor Makgregor 2026-yil 20-martdan boshlab oktagonga qaytishi mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalro Konor 2026-yilning iyun oyida AQSHning 250 yilligiga bag‘ishlanadigan UFC turnirida qatnashishini e’lon qilgandi. Oq uyda o‘tkaziladigan kechada irlandiyalik sportchiga Maykl Chendler raqiblik qilishi mumkin.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar