2025-yil 8-10-oktyabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo—Rossiya sammiti bo‘lib o‘tadi va unda Vladimir Putin ham qatnashadi. Rossiya prezidenti Tojikistonga shu paytgacha 12 marta kelgan va bu 13-tashrif bo‘ladi. Garchi Putin qo‘shni davlatga 12 marta kelgan bo‘lsa-da, bu rekord ko‘rsatkich emas va statistika bo‘yicha birinchi beshtalikka ham kira olmagan. Xo‘sh, Putin eng ko‘p qaysi davlatlarga borgan?
1999-yil 9-avgust kuni Rossiyada FSB (sobiq KGB) rahbari Vladimir Putin Rossiya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi bo‘ladi. 16-avgust kuni esa u to‘laqonli bosh vazirga aylanadi.
O‘sha yili 31-dekabr kuni Rossiya siyosiy hayotida jiddiy hodisa ro‘y beradi. Amaldagi prezident Boris Yelsin o‘z lavozimidan voz kechadi va kutilmaganda Putin Rossiya prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘ladi.
2000-yil mart oyida Rossiyada prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Unda Putin g‘alaba qozonadi va Rossiyaning ikkinchi prezidentiga aylanadi. O‘shandan buyon oradan 25 yil vaqt o‘tdi va Putin hamon Rossiyani boshqarmoqda.
O‘sha paytlarda Rossiyada prezidentlik muddati 4 yil edi. 2012-yilda bu muddat 6 yil qilib o‘zgartiriladi. Rossiyada so‘nggi prezidentlik saylovi 2024-yilda o‘tkazilganini inobatga olinsa, Putin bu davlatni 2030-yilgacha boshqara oladi.
Eng qizig‘i, u 2030-yilda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida ham o‘z nomzodini qo‘ya oladi. Chunki 2020-yilda Rossiyada referendum o‘tkaziladi va uning natijasiga ko‘ra, Putinning Rossiyani boshqargan yillari hisobdan chiqarilib, nollashtiriladi. Bu unga yana ikki muddat prezidentlik uchun o‘z nomzodini qo‘yish imkoniyatini beradi.
Putin Rossiyani uzoq yillardan buyon boshqarib kelar ekan, u dunyoning juda ko‘p davlatlariga tashrif bilan borgan. Jumladan, O‘zbekistonga ham bir necha marotaba kelgan. Ushbu materialda Putin eng ko‘p borgan davlatlar o‘nligi bilan tanishib chiqamiz.
Qozog‘iston

Vladimir Putin eng ko‘p Qozog‘istonga kelgan – 33 marta. Bu bejizga emas. Qozog‘iston Rossiya bilan yaqin iqtisodiy hamkor, strategik hamda ittifoqchi davlat hisoblanadi. Hatto ikki davlat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) doirasida harbiy hamkorlik qiladi.
Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegara 7 598,8 km bo‘lib, u dunyodagi eng uzun chegaralar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda turadi. Birinchi o‘rinda esa AQSH va Kanada o‘rtasidagi chegara hisoblanadi.
Biroq Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi chegara quruqlikdan uzluksiz o‘tgan chegaralar orasida birinchi o‘rinni egallaydi. Chunki AQSH va Kanada o‘rtasidagi 8 891 kilometrlik chegaraning bir qismi ko‘llar o‘rtasidan o‘tgan.
Qozog‘iston Rossiya uchun Xitoy va Belarusdan so‘ng eng yaqin iqtisodiy hamkor hisoblanadi. Masalan, 2024-yilda har ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 28 mlrd dollarni tashkil etgan.
Bugun Rossiya Qozog‘istonning juda katta hududini ijaraga olgan va o‘sha joylarda harbiy bazalar joylashtirgan. Shuningdek, Boyqo‘ng‘ir kosmodromi joylashgan yer ham qozoqlardan uzoq muddatga ijaraga olingan.
Belarus

Putin eng ko‘p tashrif buyurgan davlatlar orasida Belarus ikkinchi o‘rinni egallaydi. Rossiya prezidenti bu davlatga 28 marta borgan.
SSSR parchalanib ketgandan buyon Belarus Rossiya ta’sir doirasida qolmoqda va har ikki davlat alohida ittifoqqa ham birlashgan.
Jumladan, 1997-yilda Rossiya va Belarus o‘rtasida Ittifoq shartnomasi imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra har ikki davlat bir davlat hisoblanadi.
Qozog‘iston kabi Belarus ham Rossiyaning yaqin iqtisodiy, siyosiy va harbiy ittifoqchisi hisoblanadi. Belarus ham KXSHTga a’zo davlat.
Belarus Xitoydan so‘ng Rossiyaning eng yaqin iqtisodiy hamkoridir. 2024-yilda Rossiya va Belarus o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 60 mlrd dollarni tashkil etgan.
Ukraina

Putin eng ko‘p tashrif buyurgan davlatlar orasida Ukraina uchinchi o‘rinni egallaydi. Ha, ha, ajablanmang. Rossiya prezidenti bugun o‘zi urishayotgan bu davlatga 21 marta borgan.
Ukraina uzoq yillar davomida Rossiya bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatida bo‘lib keldi. Ikki davlat o‘rtasida hech qachon hudud nizosi bo‘lmagan.
Biroq 2014-yilda vaziyat keskin o‘zgarib ketadi. O‘sha yili bahorda ukrainaliklar Putin ta’siri doirasida bo‘lgan Viktor Yanukovichni taxtdan ag‘darishadi. U Rossiyaga qochib ketadi.
Shundan so‘ng Yanukovich o‘rniga prezident bo‘lgan Pyotr Poroshenko Ukraina birinchi navbatda Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni mustahkamlashini aytib chiqadi.
Shundan so‘ng Rossiya Ukraina sharqiga qo‘shin kiritadi va ma’lum hududlarni hamda Qrimni bosib oladi. Keyinchalik ikki davlat aloqalari yomonlashadi. Putinning Ukrainaga tashriflari aynan o‘shangacha bo‘lgan.
Xitoy

Putin Xitoyga jami 20 marta borgan va uning tashrifi soni bo‘yicha Xitoy to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Bu bejizga emas, SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Xitoy Rossiyaning eng yaqin iqtisodiy hamkoriga aylandi.
Bugungi kunda Rossiya iqtisodiyotini Xitoysiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jumladan, Xitoy har yili Rossiya iqtisodiyotiga milliardlab dollar sarmoya kiritmoqda. Ya’ni sanksiyalar tufayli Rossiyadan chiqib ketgan Gʻarb kompaniyalari o‘rnini Xitoy kompaniyalari egallamoqda.
2022-yil 24-fevral kuni Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirdi va oqibatda urush boshlandi. Shunda AQSH boshchiligidagi Gʻarb davlatlari Rossiyaga qarshi keskin sanksiyalar qo‘lladi.
Ana shunday vaziyatda Gʻarb kompaniyalari Rossiyani tark etdi. Bundan Xitoy kompaniyalari foydalanib qoldi va ular aktiv ravishda Rossiya bozoriga kira boshladi. Shundan so‘ng Rossiya iqtisodiyotining Xitoyga qaramligi birmuncha ortdi.
2024-yilda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 245 mlrd dollarni tashkil etgan. Joriy yilda ham ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 230-250 mlrd dollar atrofida bo‘lishi kutilyapti.
Germaniya

Putin eng ko‘p tashrif buyurgan davlatlar ro‘yxatida Germaniya beshinchi o‘rinni egallaydi. Bu bejizga emas. Germaniya Yevropadagi eng yirik iqtisodiyotga ega davlat hisoblanadi.
2022-yil 24-fevral kuni boshlangan urushgacha Rossiya Germaniya bilan faol iqtisodiy hamkorlik qilgan. Bu davlatdan texnologiyalar va tayyor mahsulotlar xarid qilgan. Nemislarga gaz va neft kabi energiya resurslarini sotgan.
Masalan, urushgacha Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yiliga o‘rtacha 40-50 mlrd dollarni tashkil etgan. Urush boshlangach, bu ko‘rsatkich keskin tushib ketgan.
Germaniya Putin uchun begona emas. U sovet davrida KGBda ishlab yurganida nemis tilini puxta o‘rgangan va bir necha yil davomida Germaniyada ishlagan.
O‘tgan davrlar mobaynida Rossiya va Germaniya nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham yaqin bo‘lgan. Masalan, Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoder katta siyosatdan ketgach ham Putin bilan do‘stona aloqalarni saqlab qoladi.
Hatto 2014-yilda Rossiya Qrim va Ukraina sharqini bosib olib, xalqaro hamjamiyat sanksiyalariga uchraganda Shryoder Sankt-Peterburgda o‘zining 70 yillik yubileyini katta tantana bilan nishonlaydi.
O‘sha paytlarda Putin uni Boltiq dengizi ostidan tortiladigan “Shimoliy oqim” gaz o‘tkazish loyihasiga boshliq qilib qo‘ygandi va sobiq kansler millionlab dollar maosh olardi.
Garchi “Shimoliy oqim” loyihasi bir necha yil avval ishdan chiqarilgan bo‘lsa-da, Shryoder hanuzgacha uning boshqaruvchisi hisoblanadi.
Putining Germaniya bilan do‘stona aloqalari Angela Merkel davrida ham davom etadi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar Rossiya 2022-yil 24-fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach yomonlashdi va hozir o‘ta salbiy holatda qolmoqda.
Fransiya
Putin
Fransiyaga jami 17 marta borgan. U Rossiya prezidenti bo‘lgandan so‘ng Rossiya
va Fransiya o‘rtasidagi aloqalar do‘stona ko‘rinish oladi.
Masalan, 2002-yilda Rossiya va Fransiya o‘rtasida xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik kengashi tuzish haqida kelishuv imzolanadi.
2006-yilda harbiy va texnik hamkorlik bo‘yicha hamkorlik kelishuviga erishiladi. Hatto 2010-yilda Rossiyada Fransiya, Fransiyada esa Rossiya yili deb e’lon qilinadi.
2014-yil voqealaridan keyin Fransiya va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar soviy boshlaydi. 2022-yilda Rossiya Ukrainaga qarshi urush ochgach, munosabatlar juda sovuqlashib ketadi.
2022-yil Rossiya Ukrainaga bostirib kirguncha uning Fransiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 20 mlrd dollardan oshiqroqni tashkil etgan. Urush boshlangach, bu ko‘rsatkich keskin tushib ketgan.
Urush boshlangandan so‘ng Fransiyaning juda ko‘plab kompaniyalari Rossiyada o‘z ishlab chiqarish korxonalariga ega edi. Urush boshlangach, sanksiyalar tufayli ularning asosiy qismi Rossiyani tark etdi.
Qirg‘iziston

Putin Markaziy Osiyodagi bu kichik davlatga 15 marta kelgan. Qirg‘iziston Markaziy Osiyodagi boshqa respublikalar kabi Rossiya uchun muhim davlat hisoblanadi.
Bir paytlar Markaziy Osiyoda Rossiyaning ta’siri uncha kuchli emasdi. O‘zbekiston Gʻarb davlatlari bilan yaqin hamkorlik qilar, hatto 2001-yilda Qarshidagi harbiy bazani AQSHga topshirgandi.
Biroq keyinchalik vaziyat o‘zgaradi va Rossiya AQSHni Markaziy Osiyodan surib chiqaradi. Jumladan, amerikaliklar Qarshidagi bazani ham topshirishga majbur bo‘lishadi.
Shuningdek, Rossiya amerikaliklarni Bishkekdagi Manas aerodromida joylashgan harbiy bazasini ham ko‘chirtirishga muvaffaq bo‘ladi. Shu tariqa AQSH Markaziy Osiyodagi ta’sir doirasini birmuncha yo‘qotadi. Rossiya esa aksincha, yillar davomida o‘z ta’sirini oshirib boradi.
Jumladan, Qirg‘iziston bilan Rossiya aloqalari yaqin va do‘stona bo‘lgan. Shu sababli ham Putin Rossiya boshqaruviga kelganidan so‘ng bu davlatga 15 marta tashrif buyurgan.
Turkiya

Turkiya garchi NATO a’zosi va Gʻarb davlatlari bilan ittifoq sanalsa ham Rossiya bilan do‘stona aloqalarga ega bo‘lib kelgan. Shu sababli ham Putin bu davlatga jami 14 marta tashrif buyurgan.
Ma’lumki, Turkiya hududining ozgina qismi Yevropada, qolgani Osiyoda joylashgan. Shunday bo‘lsa ham bu davlat o‘z kelajagini Yevropa Ittifoqida ko‘radi. Biroq yevropalik korchalonlar hozircha Turkiyani Yevropa Ittifoqiga qabul qilmoqchi emas.
Shu sababli Turkiya SSSR parchalanib ketgandan buyon Sobiq ittifoq respublikalari, ayniqsa, Rossiya bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatdi va savdo aloqalarini, qurilish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirdi.
Bundan ikki tomon ham manfaat ko‘rdi. Ya’ni turklar yaxshi daromadlarga ega bo‘lishdi. Rossiya esa ancha mahoratli bo‘lgan turklardan tajriba o‘rgandi.
Albatta, Gʻarb davlatlariga, jumladan AQSHga Turkiyaning Rossiya bilan “apoq-chapoq” bo‘lishi yoqmaydi. Ayniqsa 2017-yilda turklar Rossiyadan S-400 raketa tizimini sotib olgach, AQSH va Turkiya munosabatlari biroz sovuqlashdi.
O‘shanda AQSHni amaldagi prezident Donald Tramp boshqarib turgandi. U turklar Rossiyadan raketalar tizimini sotib olgach, Turkiyani F-35 samolyotlari loyihasidan chetlashtirdi. Bu loyihaga ko‘ra, turklar F-35 samolyotlarini sotib olishi va amerikaliklar Turkiyada unga texnik xizmat ko‘rsatish markazlarini ochishi lozim edi.
2022-yil 4-fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Turkiya bu ishni qoraladi. Prezident Erdo‘g‘on va boshqa amaldorlar Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llashini ma’lum qildi.
Biroq Rossiya prezidenti va uning atrofidagilar turklarning bu gaplaridan xafa bo‘lganlarini bildirishmadi. Chunki Turkiya bir tomondan Rossiyaning bosqinini qoralagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ruslar bilan keng miqyosda savdo aloqalarini davom ettiraverdi.
Ya’ni jahon hamjamiyatining sanksiyalariga duch kelgan Rossiya uchun Turkiyaning yaqin savdo sifatida qolishi muhim edi. Hozirgi kunda ham Turkiya bir tomondan ruslar bosqinini qoralaydi. Boshqa tomondan Rossiya uchun yaqin iqtisodiy hamkor bo‘lib qolmoqda.
Masalan, 2024-yilda Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 52,6 mlrd, 2023-yilda esa 57 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu raqamlar Rossiya uchun Turkiya urushdan keyin ham yaqin iqtisodiy hamkor bo‘lib qolayotganini anglatadi.
Tojikiston
Tojikiston Putin eng ko‘p tashrif buyurgan davlatlar orasida sakkizinchi o‘rinda joylashgan. U bu davlatga 12 marta kelgan. 2025-yil 8-oktyabrda amalga oshiriladigan tashrif o‘n uchinchisi bo‘ladi.
Aslida Tojikiston ro‘yxatning teparoq qismida ham bo‘lishi mumkin edi. Chunki bu davlat mustaqillikka erishgach, Rossiya bilan yaqin, do‘stona aloqalarda bo‘lgan.
Shuningdek, Tojikiston asosan Rossiya bilan savdo-sotiq qiladi. Millionlab mehnat muhojirlari vatanga Rossiyadan pul yuborishadi. Vaziyat shu darajadaki, Rossiyada mehnat qilayotgan tojikistonliklar yuborayotgan pul Tojikiston yalpi ichki mahsulot hajmining qariyb yarmiga teng.
Qisqasi, bizga qo‘shni bo‘lgan bu davlat iqtisodiyoti Rossiya iqtisodiyotiga o‘ta qaram. Bundan tashqari, Tojikiston mustaqil bo‘lgandan buyon bu davlatning Afg‘oniston bilan bo‘lgan chegarasini asosan rossiyalik harbiylar qo‘riqlashadi. Ma’lumot uchun, Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy bazasi Tojikistonda joylashgan.
Putinning Tojikistonga kam kelishining asosiy sababi bu davlat juda kichkina va Rossiya tashqi siyosatida muhim o‘rin tutmaydi. Aksincha, Tojikiston tashqi siyosatida Rossiyaning roli juda muhim.
Qolaversa, Tojikiston Yevrosiyo mintaqasida ham muhim rol o‘ynamaydi va shu sababli bu davlatda yirik siyosiy tadbirlar juda kam o‘tkaziladi. Tojikistonda shu paytgacha asosan MDH, SHHT kabi tashkilotlar sammitlari o‘tkazilgan va Putin ularda qatnashgan.
Italiya

Putin Rossiya rahbari bo‘lgach, Italiyaga 11 marta borgan va bu davlat u eng ko‘p tashrif buyurgan davlatlar ro‘yxatida 10-o‘rinni egallaydi.
Italiya va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona aloqalar Italiyani 1994-1995, 2001-2006, 2008-2011-yillarda oralatib boshqargan Silvio Berluskoni davrida ancha rivojlangan. O‘sha paytlarda Silvio Berluskoni Putinni o‘zining qadrdon do‘sti deb bilardi.
2014-yilda Rossiya Ukraina sharqi va Qrimni egallagach, Italiya va Rossiya munosabatlari biroz sovidi. Biroq iqtisodiy hamkorlik davom etaverdi. 2022-yil fevralda Rossiya Ukrainaga qarshi urush ochgach, har ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yomon ahvolga keldi.
Masalan, 2021-yilda Rossiya va Italiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 31,3 mlrd dollarni tashkil etgan. 2022-yilda bu ko‘rsatkich besh baravar kamaygan va bor yo‘g‘i 7-8 mlrd dollar bo‘lgan.
Putin O‘zbekistonga necha marta kelgan?

Putin shu paytgacha O‘zbekistonga 10 marta kelgan va bu ko‘rsatkich bilan biz Rossiyaning amaldagi prezidenti eng ko‘p tashrif buyurgan davlatlar ro‘yxatida 11-o‘rinda turamiz.
Putinning O‘zbekistonga birinchi tashrifi 2000-yilda bo‘lib o‘tadi. O‘sha yili u Rossiya prezidenti uchun o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozonadi. 7-may kuni prezidentlikka rasman kirishgach, 18-19-may kunlari uning birinchi xorijiy safari O‘zbekistonga bo‘ladi.
Uning O‘zbekistonga ikkinchi tashrifi 2003-yilda bo‘lib o‘tadi. O‘shanda u Samarqand shahriga kelib, Islom Karimov bilan muzokaralar o‘tkazadi.
2004-yilda, bu paytda u ikkinchi marta prezident bo‘lib saylangandi, u SHHT davlat rahbarlari yig‘ilishida qatnashish uchun yana O‘zbekistonga keladi. Bu uchinchi tashrif edi.
Putinning O‘zbekistonga davlat rahbari sifatidagi to‘rtinchi tashrifi 2012-yilda bo‘lib o‘tadi. U yurtimizga 4-iyun kuni keladi va Karimov bilan muzokaralar o‘tkazib, o‘sha kuni ortga qaytadi.
Rossiyaning amaldagi prezidenti O‘zbekistonga beshinchi marta 2014-yil 10-dekabr kuni keladi va Karimov bilan uchrashib, o‘sha kunning o‘zida ortga qaytadi.
2016-yilda Putin O‘zbekistonga ikki marta keladi. Birinchi tashrif 23-24-iyun kunlarida u Toshkentda bo‘lib, SHHTning 15 yilligi tadbirlarida qatnashadi. 6-sentyabr kuni Samarqandga kelib, Islom Karimov qabrini ziyorat qiladi.
Putin O‘zbekistonga sakkizinchi marta 2018-yil 19-oktyabr kuni keladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qiladi. So‘ng o‘sha kunning o‘zida ortga qaytadi.
Rossiyaning amaldagi prezidenti navbatdagi marta O‘zbekistonga 2022-yil 15-sentyabr kuni keladi. O‘shanda u yurtimizda ikki kun bo‘ladi va SHHT davlat rahbarlari yig‘ilishida qatnashadi.
Putin O‘zbekistonga o‘ninchi marta 2024-yil 26-may kuni keladi. Toshkentda ikki kun bo‘lib, prezident Mirziyoyev bilan uchrashadi.
Boshqa davlatlarga tashriflar

Putin Rossiya rahbari bo‘lib turgan paytda eng ko‘p tashrif buyurgan davlatlar orasida Hindiston, Finlyandiya (9 martadan), Ozarbayjon, Armaniston, AQSH, Turkmaniston (8 martadan) va Britaniya (7 marta) kabi davlatlar bor.
Gʻayrat Yo‘ldosh tayyorladi








