O‘zbekiston terma jamoasi hamda Moskvaning “Spartak” klubi sobiq hujumchisi Ja’far Irismetov “VseProSport” nashriga bergan intervyusida Fabio Kannavaroni O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlanishi haqida fikr bildirdi.
“Rostini aytsam, biz uchun Kannavaro sirli shaxs. Uning murabbiylik faoliyati tarixiga nazar tashlasak, katta yutuqlarga erishmaganini ko‘ramiz. Men faqat sovrinlarni emas, balki o‘yin sifatini ham ham nazarda tutmoqdaman. Aslida u futbolchi sifatida nom qozongan, xolos. Federatsiya bu qarorni qanday mezonlarga tayangan holda qabul qilganini bilmayman.
Yana bir tomoni — biz doim hujumkor futbolga intilamiz. Shaxsan men, Kannavaro bizga nimadir bera oladi, deb o‘ylamayman. Axir chet ellik murabbiyni taklif qilayotgan ekansiz, demak, undan nimanidir o‘rganishni xohlaysiz. Mana, masalan, hozir Yurgen Klopp bo‘sh – men uning nomzodini qo‘llab qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardim. Chunki undan aniq nimanidir o‘rganish mumkin edi.
Boshqa tomondan, Srechko Katanets tayinlanganda ham ko‘pchilikda shubhalar bo‘lgan, ammo oxir-oqibat hammasi yaxshilik bilan yakun topdi.
Jahon chempionatidagi maqsadlar borasida hozircha rasmiy bayonotlar bo‘lmadi. Biroq guruh bosqichidan chiqish — jamoa uchun katta yutuq bo‘lardi. Axir, bu darajadagi turnirga borib, pley-offga chiqishni maqsad qilmaslikning o‘zi noto‘g‘ri”, dedi Irismetov “VseProSport” nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, 6-oktyabr, dushanba kuni 52 yoshli italiyalik mutaxassis O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangani rasman e’lon qilindi. Unga ko‘ra, federatsiya Fabio bilan 2+3 ko‘rinishida bitim imzolagan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston terma jamoasi 2026-yilgi Kanada, Meksika va AQSH maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati final bosqichiga yo‘l olgan.








