Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon poytaxtni Tehrondan janubiy hududlarga ko‘chirish masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Bu haqda The Guardian nashrining yozishicha, bunga mamlakat bo‘ylab kuzatilayotgan jiddiy suv tanqisligi va yer cho‘kishi kabi omillar sababdir.
Fors ko‘rfazi bo‘yidagi Hormuzgoh viloyatiga kelgan Pezeshkiyon haddan ziyod urbanizatsiya, suv tanqisligi va tuproq cho‘kishi kabi muammolar haqida to‘xtaldi. Eron prezidenti bunday omillar 10 milliondan ortiq aholiga ega Tehron uchun jiddiy xavf ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, shahar mamlakat suv resurslarining qariyb 25 foizini iste’mol qilmoqda.
“Eron duch kelayotgan muammolar bizni rivojlanish yo‘nalishini Fors ko‘rfaziga qarata o‘zgartirishga majbur qilmoqda. Tehron, Karaj va Qazvin hozir suv inqirozi ichida, bu muammoni oddiy chora bilan hal qilib bo‘lmaydi”, degan prezident.

Pezeshkiyon ta’kidlashicha, u poytaxtni ko‘chirish masalasini o‘tgan yildayoq Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanai bilan muhokama qilgan. Prezidentga ko‘ra, o‘sha paytda mazkur taklif tanqidlarga sabab bo‘lgan. Biroq prezident resurslar inqirozi sabab poytaxt ko‘chirilishini muqarrar deb hisoblaydi.
Tehron — “qurib borayotgan shahar”
Tehronning suvga bo‘lgan ehtiyoji asosan to‘g‘onlar (70 foiz) va yerosti suvlari (30 foiz) hisobiga qondiriladi. Ammo aholining keskin o‘sishi tizimga bosimni oshirgan. Qolaversa, yog‘ingarchilik kamayishi va bug‘lanishning ortishi ham iste’molni ko‘paytirgan. Buning natijasida yerosti suvlarining sathi pasayib, ayrim hududlarda yer yiliga 30 sm gacha cho‘kkan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yili Eronda 140 mm yog‘ingarchilik kuzatilgan. Bu esa odatdagi 260 mm ko‘rsatkichdan 50–60 foizga kamdir. Ammo bu hammasi emas. 2025-yil yakuniga borib raqamlar 100 mm bo‘lishi kutilmoqda.“Bu falokat. Bu suv zaxiralarimiz tugayotganini ko‘rsatadi”, dedi Pezeshkiyon.
To‘g‘onlardagi suv sathi pasayishi va quduqlarning eskirishi suvni yetkazib berish xarajatlarini oshirgan. Bu esa o‘z navbatida, Tehron uchun markazlashgan suv ta’minotini murakkablashtirgan.
“Agar suvni bu hududdan Tehronga tashimoqchi bo‘lsak, har kub metr narxi 4 yevroga chiqadi”, dedi Pezeshkiyon.
Yangi poytaxt Fors ko‘rfazi bo‘yiga ko‘chishi mumkin
Mas’ud Pezeshkiyon yangi poytaxt haqida gapirib, janubiy hududlar, ayniqsa Hormuzgoh viloyatining strategik afzalliklarini sanadi. Mazkur hudud dengiz bo‘yida joylashgani bois ochiq suv havzalariga chiqish imkonini beradi.
“Agar bu hudud salohiyatiga boshqacha qaraydigan bo‘lsak, u juda farovon va ilg‘or mintaqaga aylanishi mumkin. Hozirgi holat bilan cheklanib bo‘lmaydi, biz kelajak uchun ilmiy va asoslangan milliy reja ishlab chiqishimiz zarur”, dedi u.
Eronda poytaxtni ko‘chirish ilk bor yangrayotgan taklif emas. Ilgari sobiq rezident Hasan Ruhoniy ham bir necha amaliy reja ishlab chiqqan edi, biroq ular amalga oshmagan.








