Daryo

“Rossiya sun’iy yo‘ldoshlarimizni o‘chirib qo‘ymoqda” — Britaniya general-mayori

Britaniya aloqa va kuzatuv uchun taxminan 6 ta maxsus harbiy sun’iy yo‘ldoshga ega. Kosmik aralashuv xavfi faqat Buyuk Britaniya bilan cheklanmayapti.

1 daqiqa o‘qish1 679 ko‘rishlar0 izoh2

Rossiya Buyuk Britaniya harbiy sun’iy yo‘ldoshlari faoliyatiga muntazam ravishda to‘sqinlik qilishga urinmoqda. Bu haqda Britaniya Kosmik qo‘mondonligi rahbari, general-mayor Pol Tedman ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya “har hafta” kosmik faoliyatni izdan chiqarishga harakat qilmoqda va mamlakatning kosmik vositalarini sinchkovlik bilan kuzatmoqda.

“Biz sun’iy yo‘ldosh tizimlarimiz Rossiya tomonidan doimiy ravishda o‘chirib qo‘yilayotganini kuzatmoqdamiz”, dedi u.

​

Britaniya aloqa va kuzatuv uchun taxminan 6 ta maxsus harbiy sun’iy yo‘ldoshga ega. General-mayor Tedmanning aytishicha, ular signalni so‘ndirishga qarshi texnologiya bilan jihozlangan.

“Ularning kosmosdagi qurilmalari bizning sun’iy yo‘ldoshlarimizni kuzatmoqda va ulardan ma’lumot yig‘ishga urinyapti”, deya u Rossiyani nazarda tutdi.

​

Kosmik aralashuv xavfi faqat Buyuk Britaniya bilan cheklanmayapti

Rossiya nemis harbiylari foydalanayotgan ikkita Intelsat sun’iy yo‘ldoshini ham kuzatib bormoqda. Bu haqda sentyabr oyida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ma’lum qilgandi.

“Ular sun’iy yo‘ldoshlarni to‘sib qo‘yishi, manipulyatsiya qilishi yoki fizik jihatdan ishdan chiqarishi mumkin”, dedi u Berlindagi kosmik konferensiyada.

​

Xalqaro keskinlik kuchayib borayotgan sharoitda sentyabr oyida Buyuk Britaniya va AQSH ilk bor qo‘shma kosmik manyovr o‘tkazdi. Mudofaa mutasaddilari buni ittifoqchilar uchun “muhim yutuq” sifatida baholadi. 4-12-sentyabr kunlari AQSH sun’iy yo‘ldoshi Buyuk Britaniya sun’iy yo‘ldoshini tekshirish uchun orbitada qayta joylashtirildi.

Bu sinov sun’iy yo‘ldoshlar himoyasi va chidamliligini oshirishga qaratilgan qo‘shma harbiy tuzilma — “Olimpiya himoyachisi” operatsiyasining bir qismi edi.

“AQSH Kosmik qo‘mondonligi bilan amalga oshirilgan bu harakatdan, ittifoqchilarimiz bilan erishayotgan yuqori sur’atdagi taraqqiyotimizdan juda mamnunman. Biz hozir ittifoqchilarimiz bilan birgalikda kosmosda umumiy milliy va harbiy manfaatlarimizni himoya qilish uchun ilg‘or orbital operatsiyalarni o‘tkazmoqdamiz”, dedi general-mayor Tedman.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar