Fransiya hukumati Rossiyaning sanksiyaga uchragan “soya floti”ga aloqador deb gumon qilinayotgan tanker kemasi — Boracay kapitanini va birinchi ofitserini qo‘lga oldi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Sebastyen Lekornu 2-oktyabr kuni ma’lum qildi.
“Fransuz dengizchilarining tezkor harakati tufayli hozirda Sen-Nazer porti yaqinida to‘xtab turgan rus tankeridagi ikki nafar ekipaj a’zosi qo‘lga olindi”, deb yozgan Lekornu o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Tergovga rahbarlik qilayotgan Brest prokurori Stefan Kellenbergerning aytishicha, hibsga olinganlar kemaning kapitani va birinchi ofitseri sifatida o‘zlarini tanishtirgan. Ular kemaning hujjatlarni taqdim etmaganlikda va hukumat ko‘rsatmalariga bo‘ysunmaganlikda ayblanmoqda. Ularning hibs muddati uzaytirilgani aytilmoqda.
Boracay kemasi Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyaga uchragan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kema 20-sentyabr kuni Rossiyaning Primorsk portidan yo‘lga chiqqan. U 22-sentyabr kuni Kopengagendan 90 kilometr janubda bo‘lgan, o‘sha vaqtda shaharda noma’lum dronlar sababli aeroport vaqtincha yopilgan edi. Kema 24-sentyabr kuni esa Daniyaning g‘arbiy sohillari bo‘ylab harakatlanayotganda, Esbyerg shahri yaqinida yana dronlar kuzatilgan.
Fransiya va Daniya rasmiylari bu hodisalar va dronlar orasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi haqida izoh bermayapti. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning yashirin neft tashuvchi flotiga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlagan. Uning aytishicha, bunday flotda 600 dan mingtagacha kema bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda, Kreml 2-oktabr kuni bu kema haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirgan. Biroq Rossiya rasmiy vakili Dmitriy Peskovning aytishicha, boshqa davlatlar provakatsion harakatlar qilgan taqdirda, Rossiya armiyasi chora ko‘rishga majbur bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiyaning “soya floti” — bu yashirin tarzda ishlaydigan yuzlab kemalardan iborat tarmoq bo‘lib, u Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalaniladi. AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi 2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani uchun rus neftiga narx chegarasini qo‘ygan edi. Shundan so‘ng, Rossiyaning “soya floti” hajmi 3 baravardan ko‘proqqa oshgan.








