Rossiya hukumat va prezident Vladimir Putinning tashabbusi bilan Yevropa Kengashining Qiynoqlarga qarshi kurash konvensiyasidan chiqdi. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, konvensiyadan chiqish to‘g‘risidagi qonunni Davlat dumasi va Federatsiya kengashi ma’qullagan. Putin 29-sentyabr kuni hujjatni imzolagan.
Rossiya hukumati avgust oyining oxirida konvensiyadan rasmiy ravishda chiqishni taklif qilgan edi. Putin bu boradagi qonun loyihasini sentyabr oyida Dumaga kiritgan.“1987-yil 26-noyabrda qabul qilingan Qiynoqlarning oldini olish va inson qadr-qimmatini kamsituvchi yoki shafqatsiz jazolashga qarshi Yevropa konvensiyasi hamda unga 1993-yil 4-noyabrda qo‘shilgan 1- va 2-protokollar bekor qilinadi” , deyiladi hujjatda.
17-sentyabr kuni qonun loyihasi Duma tomonidan ma’qullangan. Oradan bir hafta o‘tib, Federatsiya kengashi ham xuddi shunday qaror qabul qilgan. Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida qayd etilishicha, 2023-yildan beri Yevropa Kengashi tarkibidagi Qiynoqlarning oldini olish qo‘mitasida Rossiya vakili mavjud emas.








