Sloveniya hukumati Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning mamlakatga kirishini taqiqladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Neva Grashich ma’lumotni tasdiqladi. Bungacha Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga Sloveniyaga kirish taqiqlangandi. Vazirlarga nisbatan tegishli chora Niderlandiya va Ispaniyada ham qo‘llangan.
“Ushbu harakati bilan Sloveniya xalqaro huquq, inson huquqlarining umuminsoniy qadriyatlari hamda prinsipial va izchil tashqi siyosatga sodiqligini tasdiqlaydi”, dedi Neva Grashich.
Sloveniya avgust oyida Isroilga qurol embargosini joriy qildi va Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududlarida ishlab chiqarilgan tovarlarni import qilishni taqiqladi.
Grashichning aytishicha, hukumat Netanyaxuga qarshi chora ko‘rgan, chunki u Xalqaro jinoiy sud tomonidan G‘azodagi harbiy jinoyatlar sodir etganlikda ayblanmoqda.
“Jamoatchilik unga qarshi harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgani uchun ish yuritilayotganidan xabardor. Bu qaror bilan hukumat Isroil davlatiga xalqaro sud qarorlari va xalqaro gumanitar huquqqa izchil rioya qilinishini kutayotgani bo‘yicha signal yetkazmoqda”, deya ta’kidladi Sloveniya TIV rasmiysi.
Mamlakat boshqa Yevropa davlatlari bilan birga G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga, anklavga gumanitar yordam yetkazib berishni ko‘paytirishga bir necha bor chaqirgan.
Sloveniyaning Isroilga qarshi choralari
Iyul oyida hukumat Isroilga qurol eksporti, importi va tranzitiga embargo qo‘ygandi. Shuningdek, Isroilning milliy xavfsizlik va moliya vazirlariga falastinliklarga qarshi “genotsidga oid bayonotlari” va “zo‘ravonlikka undagani” uchun persona non grata deb e’lon qilgan.
Avgust oyida Sloveniya Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar importiga taqiq joriy etdi. G‘azodagi falastinliklarga qo‘shimcha yordam paketini tasdiqladi.
“Biz Xolokostni to‘xtata olmadik. Ruandadagi genotsidni to‘xtata olmadik. Biz Srebrenitsadagi genotsidni ham to‘xtata olmadik. Biz G‘azodagi genotsidni to‘xtatishimiz kerak. Boshqa hech qanday bahona yo‘q. Hech qanday”, degan edi Sloveniya prezidenti Natasha Pirs-Musar 24-sentyabr kuni BMT Bosh assambelyasidagi nutqida.








