AQSH prezidenti Donald Tramp boʻlgan vertolyotga lazer nuri yoʻnaltirildi. Hodisa 20-sentyabr oqshomi Oq uy yaqinida sodir boʻldi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Politsiya maʼlumotiga koʻra, lazer nurini yoʻnaltirgan 33 yoshli Jeykob Samuel qoʻlga olingan. Hodisa kuni Maxfiy xizmat xodimi Oq uy yaqinida noma’lum shaxsni aniqlagan. U qoʻlida lazer ko‘rsatkich tutib, ko‘ylaksiz va o‘zi bilan o‘zi baland ovozda gaplashgan. Xodim unga chiroq yo‘naltirganda, Samuel qo‘lidagi lazer nuri bilan javob qaytargan.
Oradan ko‘p o‘tmay u “qizil lazer nuri”ni Marine One vertolyotiga ham yo‘naltirgan. Bu vertolyotda AQSH prezidenti boʻlgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, lazer nuri uchuvchilar uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Chunki u koʻzni qamashtirib, vaqtinchalik ko‘rishni yo‘qotishga olib kelishi mumkin. Shu tariqa bortdagi barcha odamlar hayoti xavf ostida qoladi.
Samuel qo‘lga olingach, tiz cho‘kib, bir necha bor “Donald Trampdan uzr so‘rashim kerak”, deya takrorlagan.
Tergovchilarning aytishicha, uning yonidan tigʻli pichoq ham topilgan. Qonunga ko‘ra, lazer nurini samolyotga yo‘naltirish federal jinoyat hisoblanadi va bu 5 yilgacha qamoq hamda 250 ming dollargacha jarimani nazarda tutadi.








