Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasidagi Yemelyanovsk tumanida xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev ishtirokida o‘tkazilgan konsert Rosgvardiya xodimlarining ommaviy hujjat tekshiruvi va migrantlarni qo‘lga olishlar bilan yakunlandi.
Rossiya OAVning xabar berishicha, tekshiruv mamlakat hududida g‘ayriqonuniy bo‘lgan chet el fuqarolarini, shuningdek, giyohvand moddalar noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida ziyofatda to‘satdan o‘tkazilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 26 kishi qo‘shimcha hujjatlarni tekshirish va shaxsini aniqlash uchun politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Natijada ularning 8 nafari Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy yashayotgani aniqlangan.
Biroq tezkor tadbirlar davomida giyohvand moddalar va taqiqlangan buyumlar topilmagan.








