Rossiya prezidenti Vladimir Putin Jo Baydenning sobiq yordamchisi Tara Ridga Rossiya fuqaroligini berdi. Bu haqda Kreml rasmiy saytiga tayanib, Meduza xabar berdi.
Tara Rid 1990-yillar boshida Bayden senator bo‘lgan paytda uning ofisida yordamchi bo‘lib ishlagan. Bayden prezidentlikka nomzodini qo‘ygan davrda, ya’ni 2020-yilda Rid uni jinsiy tazyiqda ayblagan. Ayblovlar ularning birga ishlagan vaqtida sodir bo‘lgani aytilgan. Bayden shtabi bu ayblovlarni rad etgan va unga nisbatan rasmiy ayblov qo‘yilmagan.
Tara Rid 2023-yilda Qo‘shma Shtatlarda tahdidlarga uchraganini sabab qilib ko‘rsatib, Rossiyaga ko‘chib o‘tgan. U yerda Rid Rossiyaning davlat targ‘ibot kanali RT bilan hamkorlik qilgan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolik olish uchun mamlakat hududida kamida 5 yil qonuniy yashash talab etiladi. Tara Ridga fuqarolik prezident farmoni asosida istisno tariqasida berilgan.








