Daryo

BMT komissiyasi: Rossiya dronlar bilan Ukrainadagi fuqarolarga qasddan hujum qilmoqda

Komissiya ma’lumotiga ko‘ra, real vaqt rejimida nishonlarni kuzatish va aniqlash tizimlari bilan jihozlangan dronlar tinch aholiga hujum uyushtirgan.

1 daqiqa o‘qish560 ko‘rishlar0 izoh0

BMTning Ukrainadagi qonunbuzarliklarni tergov qilish bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiyasi front yaqinidagi hududlarda dronlardan foydalanib, tinch aholiga hujumlar qilish kuchayayotganidan tashvish bildirdi.

“Dalillar shuni ko‘rsatadiki, aholi punktlariga zarbalar Dneprning o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab 300 kilometrdan ortiq hududda, Ukraina hukumati nazoratida bo‘lgan joylarda amalga oshirilgan”, dedi komissiya raisi Erik Myose.

May oyida komissiya Rossiya Qurolli kuchlarining Xerson viloyatidagi tinch aholiga qisqa masofali dronlardan foydalanib “keng ko‘lamli va tizimli” hujumlarini hujjatlashtirdi.

“Biz ushbu harakatlar kelishilgan davlat siyosatiga muvofiq amalga oshirilgani va qotillik ko‘rinishidagi insoniyatga qarshi jinoyatlar, shuningdek, tinch aholiga hujum qilish ko‘rinishidagi harbiy jinoyatlar ekani haqida xulosaga keldik”, deyiladi bayonotda.

Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shunday zarbalar Dnepropetrovsk va Nikolayev viloyatlarida ham uyushtirilgan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Rossiya qurolli kuchlari ushbu hujumlarni Dneprning chap qirg‘og‘ida joylashgan pozitsiyalardan, real vaqt rejimida nishonlarni kuzatish va aniqlash tizimlari bilan jihozlangan dronlar yordamida amalga oshirmoqda.

Rossiya Qurolli Kuchlari piyoda yoki transportda harakatlanayotgan tinch aholiga hujum qilishdan tashqari, fuqarolik obyektlari, muhim infratuzilma va boshqa inshootlarga ham zarbalar bergani ma’lum qilindi.

“Hujumlar tez yordam mashinalari va boshqa favqulodda xizmatlarni ham nishonga olgan, bu esa qutqaruvchilarga o‘z vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilgan”, deyiladi xabarda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar