Markaziy bank xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan 23-sentyabrda amalda bo‘ladigan qiymatini eʼlon qildi.
Unga ko‘ra:
- dollar 92,74 so‘mga tushib, 12 257,13 so‘m bo‘ldi;
- yevro 90,68 so‘mga pastlab, 14 434,00 so‘m bo‘ldi;
- rubl 1,46 so‘mga tushib, 146,69 so‘mni tashkil etdi.
18-sentyabrda dollar 30,89 so‘mga tushib, 12 254,27 so‘m bo‘lgandi. Dollar kursining bunday past ko‘rsatkichi oxirgi marta 2023-yil noyabrida qayd etilgan edi. O‘sha yilning 6-noyabrida dollar kursi 12 254 so‘mni tashkil etgan.
Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulovga ko‘ra, so‘mning AQSH dollariga nisbatan hozirgi mustahkamlanishi bu Markaziy bankning AQSH dollarini sotishi yo‘li bilan sun’iy qilinayotgan tadbir hisoblanadi.
“Shuning uchun dollar kursi tushayotgani bilan tovarlarning bahosi tushmayapti. Agar dollar kursining so‘mga nisbatan qadri pasayishi tabiiy iqtisodiy qonuniyatlar asosida davom etsa, unda bu, albatta, tovarlar va xizmatlar baholarining pasayishiga olib keladi. Lekin hozir bu ma’muriy yo‘l bilan, ya’ni valyuta intervensiyasi orqali amalga oshirilyapti. Bu narxlarning tushishiga olib kelmaydigan muhim bir omildir”, degan edi u “Daryo”ga bergan intervyusida.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov esa Oʻzbekistonda almashuv kursi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif asosida shakllanishi, Markaziy bank almashuv kursi boʻyicha bir maqsadli koʻrsatkich belgilamasligi va almashuv kursi shakllanishiga aralashmasligini aytgandi.








