Saudiya Arabistoni Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan Aden markazidagi hukumatiga iqtisodiy yordam ajratadi. Yamanliklar 1,38 milliard riyol (taxminan 368 million dollar) oladi. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib Reuters ma’lum qildi.
Yangi grant Saudiya Arabistonining Yamanni rivojlantirish va qayta qurish dasturi orqali ajratiladi. Mablag‘ hukumat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Aden ma’muriyati so‘nggi yillarda zaiflashgan milliy valyuta va yuqori narxlar sabab og‘ir iqtisodiy vaziyatga tushib qolgan. Mazkur inqiroz 2014-yili boshlangan. O‘shanda Eron qo‘llovidagi husiylar harakati sobiq prezident Ali Abdulloh Solihini poytaxt Sanodan quvib chiqargan edi.
Yaman butunlay Eron ta’siriga o‘tishidan qo‘rqqan Saudiya Arabistoni koalitsiya tuzib, 2015-yili Yamandagi mojaroga aralashdi. Mamlakat hozirda ikki ma’muriyatga bo‘lingan: Aden markazida xalqaro miqyosda tan olingan hukumat mavjud, Sanoda esa husiylar hukmronlik qilmoqda.
Ar-Riyod shu paytgacha Yamandagi hukumatni qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab dollar yordam va depozitlar ajratgan. Mablag‘lar hukumat dasturlari va davlat sektoridagi xodimlarga maosh to‘lashda ishlatilgan.








