Daryo

“Rossiya Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari berilishida hech qanday huquqqa ega bo‘lmasligi kerak” — Aleksandr Stubb

Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb Rossiya xavfsizlik kafolatlarining ishlab chiqilishida qatnashmaslikka rozi bo‘lmasligi mumkinligini, lekin bu hech qanday ahamiyatga ega emasligini bildirdi. Stubb Tramp bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatgani uchun Ukrainadagi urushni tugatishda muhim o‘yinchilardan biriga aylangan.

2 daqiqa o‘qish1 146 ko‘rishlar0 izoh0

Rossiya Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berilishida hech qanday so‘z va huquqqa ega bo‘lmasligi kerak. Bu haqda Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb The Guardian nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Stubbning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga taklif qilinadigan xavfsizlik kafolatlarining tayyorlanishida ishtirok etmaslikka rozi bo‘lmasligi mumkin. Biroq bu hech qanday ahamiyatga ega emas.

“Rossiyada mustaqil davlatning suveren qarorlariga ta’sir o‘tkazish huquqi mutlaqo yo‘q. Rossiya bunga (Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berilishida qatnashmaslikka — tahrir.) rozi bo‘ladimi-yo‘qmi, degan savol ham o‘rinli emas. Albatta, Rossiya bunga rozi bo‘lmaydi, lekin bu hech qanday ahamiyatga ega emas”, degan Finlyandiya prezidenti.

Fin siyosatchisining ta’kidlashicha, mohiyatan xavfsizlik kafolatlari Rossiyani tiyib turuvchi omil hisoblanadi. Rossiya kelajakda yana Ukrainaga tajovuz qiladigan bo‘lsa, Yevropa davlatlari harbiy to‘qnashuvga tayyor turishi lozim.

“Xavfsizlik kafolatlari mohiyatan to‘sib turuvchi omildir va bu omil ishonarli bo‘lishi kerak. Ishonarli bo‘lishi uchun esa kuchli ishlab chiqilgan bo‘lishi shart. Bu strategik kommunikatsiyani ham o‘z ichiga oladi. Shuning uchun biz mavhum xavfsizlik kafolatlarini emas, balki haqiqatdan ishlaydigan xavfsizlik beramiz. Rossiya bundan xabardor”, deya qo‘shimcha qilgan Stubb.

The Guardian Stubb AQSH prezidenti Donald Tramp bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatganini ham qayd etgan. Fin siyosatchi va Donald Tramp birgalikda golf ham o‘ynagan. Shu sababli u Ukraina urushini tugatish masalasida Trampning Yevropa yetakchilari bilan muzokaralarida muhim o‘yinchiga aylangan.

Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berish masalasi bir necha oydan buyon “ko‘ngillilar koalitsiyasi” vakillari tomonidan muhokama qilinmoqda. Biroq bu masala bo‘yicha Yevropa davlatlari orasida hanuz birlik yo‘q. Ayrim davlatlar Kiyevga qo‘shin yuborishga tayyor bo‘lsa, ba’zilar buni qat’iy rad etmoqda. Sentyabr oyi boshida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron xavfsizlik kafolatlarining ishlab chiqilishida ishtirok etishga 26 davlat rozilik bildirganini aytgan. Moskva esa ko‘p marta Ukrainaga boshqa davlatlarning qo‘shinlari kiritilishini qabul qilib bo‘lmas shart sifatida baholagan. Rossiya bunga hech qachon rozi bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar