Daryo

Xitoy texnologik kompaniyalarga Nvidia chiplarini sotib olishni taqiqladi

Bir nechta kompaniyalar o‘n minglab RTX Pro 6000D chiplariga buyurtma berishni rejalashtirgandi. 2024-yili mamlakat Nvidia umumiy savdosining 13 foizini tashkil qilgan.

1 daqiqa o‘qish5 714 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoy yetakchi texnologik kompaniyalariga Nvidia chiplarini sotib olishni taqiqladi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Xitoyning internet regulyatori hisoblangan Kibermakon ma’muriyati (CAC) TikTok egasi ByteDance va elektron tijorat giganti Alibaba’ga shunday ko‘rsatma bergan. Jumladan, ularga Nvidia kompaniyasi Xitoy bozori uchun maxsus ishlab chiqqan sun’iy intellekt chipini sinovdan o‘tkazishni to‘xtatishni buyurilgan. Nvidia bosh direktori Jensen Xuang bu qarordan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.

“Biz Xitoy hukumati va Xitoy kompaniyalarini ular istaganicha qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, dedi u Londondagi matbuot anjumanida.

Dastlab Xitoydagi bir nechta kompaniyalar o‘n minglab RTX Pro 6000D chiplariga buyurtma bermoqchi bo‘lgan va Nvidia server yetkazib beruvchilari bilan sinov va tasdiqlash ishlarini boshlab yuborgan. Ammo taqiq ortidan yirik texnologiya gigantlari chipni o‘z mahsulotlariga o‘rnatmaslikka qaror qilgan.

Taqiq e’lon qilingach, qiymati 4,2 trillion dollardan oshgan Nvidia aksiyalari tushib ketgan. 17-sentyabr kuni ular 2,6 foizga pasaygan. Avgust oyi o‘rtalarida Tramp milliy xavfsizlikka oid xavotirlarni hisobga olmasdan, Nvidia’ga Xitoyga H20 chiplarini sotish uchun litsenziyalar bergan.Buning evaziga esa ushbu savdolardan 15 foiz ulush olishga erishgan. Qizig‘i shundaki, bu qaror Tramp shunday bitim tuzmasligini aytganidan bir necha kun o‘tib amalga oshirilgan. Mutaxassislar fikricha, yangi cheklovlar Nvidia’ning Xitoydagi biznesiga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin. Chunki Xitoy yarimo‘tkazgichlar bo‘yicha dunyodagi eng yirik bozorlardan biri bo‘lib, o‘tgan yili kompaniya umumiy savdosining 13 foizini ta’minlagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar