Daniya Rossiya tahdidi sabab uzoq masofali raketalar va dronlar xarid qiladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Mette Frederiksen ma’lum qildi.
Biz yuqori aniqlikdagi uzoq masofali qurollarni sotib olyapmiz, shunda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarning oldini olishimiz mumkin. NATO buni talab qilmoqda va bu choralar Yevropaning 2030-yilgacha o‘zini himoya qilishga tayyor bo‘lishiga xizmat qiladi, dedi Frederiksen.
Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen esa yangi qurol tizimlari yordamida Daniya armiyasi “tahdidlarni mamlakat hududidan uzoqda turib bartaraf etish” imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Ukraina urushi dushman hududidagi nishonlarga zarba bera oladigan qurollar zarurligini ko‘rsatdi. Daniya armiyasi bosh qo‘mondoni general Maykl Uiggers Gildgard ham uzoq masofali aniq zarba beruvchi qurollar “tahdidlar Daniya hududiga yetib kelmasidan ularni yo‘q qilish” imkonini berishini aytdi. Rossiyaning Kopengendagi elchisi Vladimir Barbin esa bu qarorni “ochiqdan-ochiq tentaklik” deb baholadi.
Dunyoda hech kim, hech qachon va hech qayerda yadroviy davlatga oshkora tahdid solishni o‘ylab ko‘rmagan, dedi u.
Barbinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya endi Daniyaning nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv ehtimolini ko‘rib chiqayotganini, balki bunday ssenariyga tayyorgarlik ko‘rayotganini ham inobatga olishi kerak. Bunga javoban bosh vazir Frederiksen Rossiya elchisining bayonoti hukumatning uzoq masofali qurol xarid qilish qaroriga ta’sir ko‘rsatmasligini bildirdi.
Rossiya Yevropa va NATOni qo‘rqitib, biz o‘z xalqimiz va chegaralarimizni himoya qila olmasligimizni istayapti. Albatta, bizni qo‘rqita olishmaydi, dedi u.
Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng Daniya harbiy byudjetini keskin oshirdi: 2022-yilda u qariyb 5,5 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 8,1 mlrd dollarga yetdi, 2024-yilda esa 9 mlrd dollardan oshdi. Joriy yilda harbiy byudjet 58,5 mlrd Daniya kronini (9,29 mlrd dollar) tashkil etmoqda. Fevral oyida hukumat mudofaa xarajatlarini YIMning 3 foiziga yetkazish maqsadida keyingi ikki yil ichida qo‘shimcha 50 mlrd kron (deyarli 8 mlrd dollar) ajratilishini e’lon qildi.








