AQSH Davlat kotibi Isroilga keldi. U yahudiy rasmiylari bilan G‘arbiy Sohilni annneksiya qilish masalasini muhokama qiladi. Marko Rubio o‘z safarini Quddusdagi “G‘arbiy devor”ni ziyorat qilishdan boshlagan. Unga Isroil bosh vaziri hamrohlik qildi.
Rubio Isroilga tashrifi G‘arbning qator poytaxtlari Falastinni rasman tan olishi kutilayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Isroil bosh vaziri anneksiya ko‘lami bo‘yicha hali yakuniy qaror chiqarmagan. Yahudiy rasmiylariga ko‘ra, u Rubio bilan uchrashuvda AQSH prezidenti Donald Tramp bunday qadamni qo‘llab-quvvatlaydimi yoki yo‘qmi aniqlab olishni istaydi.
G‘arbiy Sohil 1967-yilgi Arab-Isroil urushida bosib olingan bo‘lib, o‘shandan buyon Isroil tomonidan nazorat qilinadi. Isroillik ko‘chmanchilar hududga o‘z aholi maskanlarini qurib, uning muayyan qismini mahalliy aholidan tortib olgan.

Birlashgan Arab Amirliklari Isroilning G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish rejalarini keskin qoralab, bunday qadam Tel-Aviv bilan tinchlik shartnomasini izdan chiqarishi hamda Ibrohim kelishuvlarini kengaytirishga to‘sqinlik qilishini aytdi.
Vaziyat BMT Bosh assambleyasining Nyu York deklaratsiyasini qabul qilishi ortidan yanada keskinlashdi. Fransiya va Saudiya Arabistoni taqdim etgan ushbu rezolyutsiya Falastin davlatini yaratishga chaqiriq bo‘lib, uni 142 davlat qo‘llab-quvvatladi. 10 ta davlat, jumladan AQSH va Isroil qarshi chiqdi. Yana 12 ta davlat esa betaraflikni ma’qul ko‘rdi.
Mazkur hujjat 22-sentyabr kuni Nyu Yorkda bo‘lib o‘tadigan sammitda bir necha davlatlar, jumladan Fransiya, Britaniya va Kanada tomonidan Falastinni tan olish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Axios’ning yozishicha, Rubio yopiq eshiklar ortida anneksiyaga qarshi emasligini va Tramp ma’muriyati bunga to‘sqinlik qilmasligini bildirgan. Ammo Oq uy bunday qadam Ibrohim kelishuvlarining istiqbolini xavf ostida qoldirishidan xavotirga tushgan. Boisi bu AQSH prezidentining diplomatik merosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.








