Britaniyalik sobiq professional bokschi, yengil yarim o‘rta va yarim o‘rta vazn toifalarida jahon chempioni bo‘lgan Rikki Hatton 46 yoshida vafot etdi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Manchester politsiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, yakshanba kuni ertalab bokschining Hayd shahridagi xonadonida uning jasadi topilgan. Rasmiylarga ko‘ra, vafot bilan bog‘liq hech qanday shubhali holatlar aniqlanmagan.
Hatton professional faoliyatini 1997-yilda boshlagan va 2012-yilda ringni tark etgan edi. U umumiy hisobda 48 jang o‘tkazib, 45 tasida g‘alaba qozongan. Uning eng mashhur g‘alabalaridan biri 2005-yilda avstraliyalik Kostya Syuga qarshi IBF kamarini qo‘lga kiritgan jangi sanaladi. U o‘sha jangda o‘zining WBU kamarini ham himoya qilgan edi.
43 janglik mag‘lubiyatsiz seriyasiga ega Hatton 2007-yilda Las-Vegasda Floyd Meyvezerga qarshi jangda ilk bor nokautga uchragan. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng uning faoliyatida keskin pasayish kuzatilgan.
Hatton faoliyatini yakunlagach, intervyularining birida ruhiy tushkunlik, depressiya, ichkilik va giyohvandlik bilan kurashganini tan olgan edi.
“Spirtli ichimliklarga mukkasidan ketdim, bu esa giyohvandlikka olib keldi. Go‘yo nazoratdan chiqqan poyezddek edim”, degan edi Hatton 2016-yilda BBC radiosiga bergan intervyusida.
Qayd etilishicha, u joriy yil oxirida Dubayda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan ko‘rgazmali jangda ringga qaytishi kutilayotgan edi.








