Ukraina razvedkasi 10-sentyabr kuni Qora dengiz akvatoriyasida Rossiya kemasiga hujum qildi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, MPSV07 turkumidagi ko‘p funksiyali kema hujumga uchragan. U 2015-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, qiymati taxminan 60 million dollarga baholangan. Rossiyada jami to‘rtta shunday kema mavjud. U g‘avvoslik komplekslari, masofadan boshqariladigan apparatlar, yon tomondan ko‘rish gidrolokatori va radioelektron razvedka vositalari bilan jihozlangan.
Kema dengiz tubini o‘rganish uchun qo‘llanilishi mumkin, uning quvvati taxminan 4 megavattga teng. Hujum paytida kema Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Novorossiysk shahri ko‘rfaziga yaqin joylarda radioelektron razvedka va patrullik qilayotgan edi.








