Daryo

Zelenskiy Ukrainaga qilingan ommaviy hujumlarga javob qaytarishga va’da berdi

Prezident harbiy rahbariyat bilan uchrashib, frontdagi vaziyatni muhokama qildi. Zelenskiy Rossiya energetika infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirayotganini taʻkidladi.

1 daqiqa o‘qish448 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga bergan zarbalariga javob qaytarilishini aytdi. Bu haqda u kechki videomurojaatida ma’lum qildi.

Zelenskiyning aytishicha, 8-sentyabr kuni Kiyevda harbiy rahbariyat yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda energetika tizimi xavfsizligi, qo‘shinlarni ta’minlash va Rossiya hujumlari tufayli yuzaga kelgan yangi muammolar muhokama qilingan. Shuningdek, frontdagi vaziyat va mudofaa sanoati to‘g‘risida hisobotlar tinglangan

Yig‘ilishning asosiy mavzulari orasida havo hujumidan mudofaa uchun raketalar yetkazib berish, qurol-yarog‘ ishlab chiqarish sur’atlarini oshirish va energetika infratuzilmasini himoya qilish masalalari bo‘lgan

“Rossiyaliklar hozirda energetikamizga qarshi zarbalarni kuchaytirmoqda. Albatta, bunga javoblarimiz bor va bo‘ladi, lekin eng muhimi tizimning barqarorligidir”, degan Zelenskiy.

Uchrashuvda prezident Ukraina dron ishlab chiqaruvchilariga texnika miqdori va sifati oshgani uchun minnatdorlik bildirgan. Siyosatchiga ko‘ra, uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar ishlab chiqarishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Zelenskiy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va xalqaro hamkorlar bilan ishlash masalalariga alohida to’xtalgan. U “Ramshtayn” formatidagi navbatdagi uchrashuvning asosiy ustuvor yo‘nalishi havo hujumidan mudofaani kuchaytirish bo‘lishini ta’kidlagan.



“Havo hujumidan mudofaani kuchaytirish “Ramshtayn” va umuman Yevropa hamda AQSH bilan aloqalarimizning birinchi raqamli maqsadidir. Vazir bilan 2026-yil uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldik”, degan Ukraina prezidenti
​

7-sentyabr kuni Rossiya harbiylari Ukraina shaharlariga keng ko‘lamli zarba berdi Kiyevda hukumat binosi, shuningdek Svyatoshinskiy va Darnitskiy tumanlaridagi turar-joy binolari zarbaga uchradi. Aholi yashash hududlari o‘qqa tutilishi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi. Kiyevdan tashqari, Rossiya dronlari va raketalari Odessa, Zaporojye, Xarkov, Kremenchug va Krivoy Rogga hujum qildi. Vayronalar, yaradorlar va halok bo‘lganlar bor.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar