6-7-sentyabr “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida xonanda Jasminning ilk yakkaxon konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. “Daryo” jamoasi konsertda qatnashib, sahna orti va konsert jarayonini suratga olib, san’atkorlar bilan suhbatlashdi.
Alisher Uzoqov, Rayhon Ulasenova, Dilnoza Kubayeva, Lola, Afruza, Jamshid Umrzoqov, Nigora Karimboyeva kabi san’at vakillari Jasminni qo‘llab-quvvatlash uchun konsertga tashrif buyurdi.
— Jasminda san’atkor uchun eng zarur narsa — organika bor. Bu uning ovozida ham, plastikasi va sahnadagi o‘zini tutishida ham, harakatlari, o‘ziga bo‘lgan ishonchida ham seziladi.
Men konsertda nimalar bo‘lishini bilaman. Konsert 100 foiz jonli ijroda bo‘lishi aynan meni ham, keladigan tomoshabinlarni ham eng ko‘p xursand qiladigan tomon deb o‘ylayman. Chunki jonli ijrodagi nolalar, sozlarning ovozi tomoshabinning ruhigacha yetib boradi.
Jasminning “Kumush nolasi”, “Mening yorim qo‘qonlik” qo‘shiqlari yaxshi chiqqan edi. Bundan tashqari, The cover up’da Hosila Rahimovaning “Bos-bos, qamchi bos” qo‘shig‘ini kuylagani juda yoqqandi. O‘shanda haqiqiy zavq olganman.

Eng avvalo, uning tirishqoqligini qadrlayman. Qanaqa vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, u doim izlanishda, doim ijodda. Shu mehnatsevarligini hurmat qilaman. Biz Jasminga omad tilaymiz, deydi Alisher Uzoqov.
Birinchi blokda sahna tabiat atmosferasini beruvchi yashil dekoratsiyalar bilan bezatildi. Jasmin “Salam” qo‘shig‘ini kuylab, muxlislari bilan salomlashdi.
Konsert 4 blokdan iborat bo‘lib, G‘aybulla Tursunov bilan “Yor” taronasi, Tohir Sodiqov bilan esa “Sen ketgandan beri” deb nomlangan yangi duet kuylandi.
— Konsertning dekoratsiyasi va jonli ijrosi yuqori darajada bo‘ldi. Rejissyor va sahna ustalari Ukrainadan kelib, professional tarzda ishlashdi. Biz jungli tematikasini tanladik — jungliga tushib qolgan qiz obrazi. Undan tashqari oversayz futbolka bilan ko‘cha obrazi, jinsiy kostyum bilan ham chiqishlar bo‘ldi, deydi Jasmin. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, konsert dasturi uchun jami 120 ming dollar mablag‘ sarflangan.
Konsertda kutilgan va kutilmagan holat yuz berdi — Jasminning “Meni sev” qo‘shig‘i fonida muxlislar ichidan yigit sevgan qiziga turmush qurish taklifini berdi va “ha” javobini oldi. Bu taklifni Jasminning o‘zi Instagram sahifasida rasman e’lon qilgan edi.
— Konsertda “Marry me” g‘oyasini ham taqdim etdik. Bu bizning kreativ jamoamiz — “Eski shahar” yigitlarinining fikri edi. Ularning tashabbusi menga yoqdi va tomoshabinlarga ham qiziqarli bo‘ldi deb o‘ylayman, deydi u.

Konsertning kulminatsion nuqtasi Tohir Sodiqov bilan kuylangan yangi duet bo‘ldi. Sababi afsonaviy san’atkor barcha bilan ham duet kuylashga rozi bo‘lmasligi hech kimga sir emas.

— Men uchun eng katta baxt — afsonaviy san’atkor Tohir Sodiqov men bilan duet kuylashga rozi bo‘lib, taklifimizni qabul qilib, sahnaga chiqqani bo‘ldi. Tohir aka bilan “Sen ketgandan beri” nomli yangi qo‘shiq kuyladik. She’rni o‘zimiz olib bordik, ovoz yozish ishlarini ham bir kunda tugatdik.

Bundan tashqari konsertda balkondan 200 dan ortiq qog‘oz samolyotchalar uloqtirildi. Bu ham rejissyorimizning kutilmagan o‘zgacha yondashuvi bo‘ldi. O‘zim ham sahnada ko‘rib hayratda qoldim, tomoshabinlar uchun ham, men uchun ham bu chinakam syurpriz bo‘ldi, deydi Jasmin.
Konsertdan to‘liq reportajni Daryo Lifestyle YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.








