AQSH prezidenti Donald Tramp 7-sentyabr kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etishning ikkinchi bosqichiga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Bu sanksiyalar Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi sababli hamda rus neftini xarid qilayotganlarga qarshi bosimni kuchaytirish uchun joriy etilmoqda. AQSH prezidenti shu kungacha Moskva bilan muzokaralar orqali tinchlikka erishish maqsadida sanksiyalar joriy etishni cho‘zib kelayotgan edi. Ammo so‘nggi izohlar Tramp pozitsiyasining tobora keskinlashayotganidan darak bermoqda.
Shunga qaramay, Tramp hali bu qarorga qat’iy kirishganini yoki “ikkinchi bosqich” nimalarni o‘z ichiga olishini aniq ochiqlamagan. Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatlashgan Tramp, “Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ikkinchi bosqichiga o‘tishga tayyormisiz?” degan savolga “Ha, tayyorman”, deya javob bergan. Biroq u nimani rejalashtirayotgani haqida aniq izoh berishdan bosh tortgan.
Ayni paytda, AQSHning Hindiston bilan ham aloqalari keskinlashgan. Chunki Dehli Rossiya energiya resurslarining yirik xaridorlaridan biri sanaladi. AQSH moliya vaziri Skot Bessentga ko‘ra, AQSH va Yevropa Ittifoqi rus neftini xarid qilayotgan mamlakatlarga nisbatan ham “ikkinchi darajali tariflar”ni joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Bu esa Rossiya iqtisodiyotini inqirozga olib kelib, prezident Vladimir Putinni muzokara stoliga o‘tishga majbur qilishi mumkin.








