Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusovning so‘zlariga ko‘ra, hozir mamlakat hududida taxminan 700 ming nafar rossiyalik harbiy xizmatchi bor.
Uning ta’kidlashicha, bu raqam nafaqat muntazam qo‘shinlarni, balki yordamchi kuchlar, maxsus xizmatlar va Rossiya Milliy gvardiyasini ham o‘z ichiga oladi. Ularning asosiy qismi Donetsk viloyatida to‘plangan bo‘lib, bu mazkur hudud Kreml uchun ustuvor yo‘nalish ekanini ko‘rsatadi.
Ukraina mulozimi Shimoliy Koreya askarlari haqida ham to‘xtalib, ular Rossiya hududidan chiqmay, Kursk frontida jang qilganini ta’kidladi.
Avvalroq Dnipro operativ-strategik qo‘shinlar guruhining matbuot kotibi Viktor Tregubov Pokrovsk yo‘nalishidagi vaziyat haqida bayonot bergan edi. U shaharda 110 ming rus askari mavjud ekanini, bu urushgacha bo‘lgan aholi sonidan ikki baravar ko‘pligini ta’kidlagan.
Ukraina Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi har kuni o‘rtacha 800–850 askaridan ayrilmoqda. 2022-yil fevralidan buyon esa talafotlar bir milliondan oshgan. Biroq bu Kiyevning da’volari bo‘lib, mustaqil manbalar turlicha hisob-kitoblar keltiradi.








