2025-yil 1–2-sentyabr kunlari Xitoyning Tianjin shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti(SHHT)ning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qatnashib, mamlakat manfaatlari va mintaqaviy taraqqiyot uchun muhim bo‘lgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. SHHT bugun nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosdagi hamkorlik platformasiga aylanib bormoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston tomonidan ko‘tarilgan asosiy masalalar, mamlakatning tashkilotdagi o‘rni hamda SHHTning O‘zbekiston uchun ahamiyati tahlil qilinadi.
O‘zbekistonning SHHTdagi o‘rniO‘zbekiston tashkilotning asoschi a’zolaridan biri hisoblanadi. Rasmiy Toshkent 2001-yil 15-iyun kunida SHHTning asoschilari qatorida tashkilotga a’zo bo‘lgan. O‘zbekiston o‘zining ko‘plab tashabbuslari bilan SHHT faoliyatini jonlantirib kelmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ilgari surgan 105 tashabbusdan 80 dan ortig‘i amalda ro‘yobga chiqarilgan.O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgani uchun SHHTda “bog‘lovchi halqa” vazifasini bajaradi. Xitoyni Yevropa bozorlariga bog‘lovchi transport yo‘laklari mamlakat hududi orqali o‘tadi. Rossiya va Janubiy Osiyo davlatlari bilan integratsiya hamda tranzit imkoniyatlari O‘zbekistonni tashkilot ichida muhim logistika markaziga aylantiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston SHHT xavfsizlik yo‘nalishida doimo faol. Jumladan, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda tashabbus ko‘rsatib keladi. Toshkentda joylashgan SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (RATS) mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda muhim institut sifatida ishlaydi.
O‘zbekiston SHHTni nafaqat iqtisodiy yoki xavfsizlik blok sifatida, balki muvozanatli hamkorlik maydoni sifatida ko‘radi. Tashkilot a’zolari orasida turli geosiyosiy qarama-qarshiliklar mavjud bo‘lsa-da, O‘zbekiston o‘zining betaraflik va muvozanatli diplomatiyasi bilan turli tomonlarni birlashtirishga intiladi.

SHHT orqali O‘zbekiston Xitoy, Rossiya, Hindiston kabi dunyo iqtisodiyotining kuchli davlatlariga kirish imkoniga ega. Bu davlatlar O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari hisoblanadi.
Siyosatshunos Muxtor Nazirovning fikricha, O‘zbekistonning SHHTdagi tashabbuskor pozitsiyasi — tobora global Janub sari kengayayotgan ushbu tashkilotda Markaziy Osiyoning “ovozi” baralla yangrashi va uning barqaror rivojlanish manfaatlarini aks ettiradi.
“SHHTning strategik rivojlanishida, uning hozirgi zamon voqeliklariga samarali moslashishida O‘zbekiston faol, konstruktiv va tashabbuskor pozitsiyani namoyon etmoqda. Asosiysi, tobora global Janub sari kengayayotgan ushbu tashkilotda Markaziy Osiyoning “ovozi” baralla yangrashi va uning barqaror rivojlanish manfaatlari aks etishidir.
O‘ylaymizki, sammit yakunida qabul qilingan Tyanszin deklaratsiyasi va SHHTni 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tashkilot doirasida ana shu maqsadlarga erishish va kelgusi hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi”, deya fikr bildirdi u.
Ilgari surilgan tashabbuslar
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-sentyabr kuni Tyanszin shahrida “SHHT plyus” formatining “Ko‘p tomonlama hamkorlikni hayotga tatbiq etish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va barqaror taraqqiyotga ko‘maklashish” mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etdi va bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston yetakchisi qarama-qarshilik ko‘payib borayotganidan xavotir bildirib, nizolarga barham berish, ishonchni tiklash, tinch-totuv yashash va xalqaro huquq normalarini hurmat qilishga chaqirdi.
Shunisi e’tiborliki, O‘zbekiston rahbari Xitoy raisi Si Szinpin ilgari surgan “Global boshqaruv” tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Shuningdek, G‘azo sektoridagi og‘ir gumanitar vaziyatdan jiddiy tashvish bildirilib, “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosidagi adolatli yechimgina Yaqin Sharqda tinchlikka xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, davlat rahbari tomonidan xavfsizlik masalalari bo‘yicha “SHHT plyus” formatidagi birinchi muloqotni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston masalasiga ham alohida to‘xtalib, ushbu mamlakat bilan hamkorlik qilish va uni SHHT loyihalariga jalb qilish bo‘yicha pragmatik yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidladi.
“Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olmasdan va xalqaro hamjamiyatning afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqotini yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqamizda barqarorlikni ta’minlash mumkin emas”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Davlat rahbari shu bilan birga SHHT doirasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni tubdan kengaytirishni ustuvor vazifa sifatida qayd etdi.
Biznes muloqot uchun samarali platformani ishga tushirish maqsadida har yili “SHHT INVEST” investitsiya forumini o‘tkazish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda O‘zbekistonda tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy transport integratsiyasi va o‘zaro bog‘liqlik haqida gapirib, mintaqani global yo‘laklar bilan ishonchli bog‘lashni ta’minlaydigan samarali transport yo‘nalishlarini yaratish Markaziy Osiyo uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidladi.

“Umuman olganda, O‘zbekiston yetakchisining nutqi O‘zbekistonning mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan kompleks va pragmatik yondashuvini o‘zida ifoda etadi. Xavfsizlikdan tortib innovatsiyagacha, savdodan to madaniy muloqotgacha bo‘lgan keng qamrovli tashabbuslar ‘SHHT plyus’ makonining istiqboldagi rivojlanishida O‘zbekiston faol va mas’uliyatli pozitsiyada bo‘lishini anglatadi”, dedi Muxtor Nazirov.
SHHT evolyutsiyasi va uning ta’siri
2001-yildan 2017-yilgacha SHHT bir qancha evolyutsion jarayonni boshdan kechirdi. Shu davrda Hindiston, Pokiston, Eron, Afg‘oniston, Belarus, Mo‘g‘uliston kabi davlatlar kuzatuvchi maqomida qatnashdi. 2017-yil tashkilotga Hindiston va Pokiston to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilindi. Bu SHHTni aholisi va hududi jihatidan yanada yirik blokka aylantirdi.
2023-yil Eron SHHTga rasmiy ravishda a’zo bo‘ldi. Natijada tashkilotning geosiyosiy ahamiyati keskin oshdi, chunki Eron Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazidagi strategik o‘rinlarni taqdim etadi.
Hindiston va Eronga o‘xshash davlatlarning qo‘shilishi SHHTni faqat Markaziy Osiyo emas, balki Osiyo va Yaqin Sharqni ham qamrab oluvchi tuzilmaga aylantirdi.
E’tiborli jihati, Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan sammit davomida Shimol–Janub va Sharq–G‘arb yo‘nalishlari bo‘ylab transport-tranzit yo‘laklari rivojlantirilishi, shuningdek “SHHT yagona transport makoni” yaratish va uni “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bilan uyg‘unlashtirish qarori qabul qilindi. Muxtor Nazirovning ta’kidlashicha, bu qaror O‘zbekistonning transport va logistik imkoniyatlarini yanada oshiradi.

O‘zbekistonning bu tashkilotdan manfaati – rivojlanish uchun zarur bo‘lgan tashqi sharoitlarni yaratish hisoblanadi. Chunki tashkilotdagi davlatlar mintaqaga qo‘shni mamlakatlardir. Bundan tashqari, Xitoy Yevropa bozorlariga kirib borishini istar ekan, tabiiyki bu uchun Markaziy Osiyodan o‘tishi kerak. Bu esa O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini ancha oshiradi”, dedi siyosatshunos.
Xitoy, Hindiston va Rossiya — kosmik texnologiyalar, sun’iy intellekt, 5G, atom energetikasi, farmatsevtika, IT infratuzilmasida ilg‘or tajribaga ega. Ularning SHHT doirasida faol ishtiroki O‘zbekiston uchun texnologik transfer imkoniyatini yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti O‘zbekiston uchun mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy va transport aloqalarini kengaytirish, yirik bozorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb qilish, shuningdek, xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda muhim platforma hisoblanadi. SHHT doirasida O‘zbekiston o‘z manfaatlarini ilgari surish, mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga faol hissa qo‘shish imkoniyatiga ega.








