Yevropa Ittifoqi Ukrainaga uzoq muddatli yordam siyosatini davom ettirishda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun 60 milliard yevro yetishmayapti. Shu bois Bryussel Rossiyaning muzlatilgan davlat aktivlaridan foydalanish masalasini ko‘rib chiqyapti.
Hozircha muzlatilgan rus aktivlaridan qanday foydalanish masalasi bo‘yicha aniq reja yo‘q. Ayrim davlatlar aktivlarning o‘zini to‘liq musodara qilish tarafdori, boshqalari esa ular keltirayotgan daromadni Ukrainaga yo‘naltirish bilangina cheklanmoqchi.
YI va G7 davlatlari aktivlardan tushayotgan foydani Ukrainaga ajratishga allaqachon rozi bo‘lishgan. Bryussel endi ularni to‘liq musodara qilish variantini ko‘rib chiqmoqda. Biroq hukumatlar bunga tayyor yoki yo‘qligi hozircha noma’lum.
Byudjet bilan bog‘liq muammo
Shanba kuni YI tashqi ishlar vazirlari Rossiyaning muzlatilgan davlat aktivlaridan tushadigan daromadlarni ishlatishning yangi yo‘llarini muhokama qildi.
“Musodara masalasi byudjetimiz bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq. Ukrainani uzoq muddat qo‘llab-quvvatlash uchun bizda 60 mlrd yevro yetishmayapti”, degan rasmiylardan biri.
Ittifoqning ko‘plab a’azolari bunday choraga huquqiy asos yo‘qligini ta’kidlab, Yevropa Komissiyasidan rasmiy huquqiy xulosa talab qilgan. YI rahbarlari rus aktivlari urush tugaguncha muzlatilgan holda qolishi, shuningdek ular Kreml Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplamaguncha qaytarilmasligi haqida umumiy to‘xtamga kelgan.
Musodara va foydani ishlatishdan tashqari, boshqa g‘oyalar ham ilgari surilmoqda. Masalan aktivlarni Bryussel nazoratidagi maxsus fondga (SPV) o‘tkazish varianti ko‘rib chiqilyapti. Fond yuqori daromad keltirishi mumkinligi bilan bir qatorda, Vengriyaning veto huquqini aylanib o‘tish imkonini beradi.
“Rossiya 210 mlrd yevrodan ortiq muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga urush oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplamaguncha qaytarib olmaydi”, dedi YI tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.
The Guardian nashrining yozishicha, YI Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Shu bilan bir vaqtda, Politico Yevrokomissiya Rossiyaning qariyb 200 mlrd yevrolik aktivlarini Ukrainaga o‘tkazish uchun maxsus mexanizm ustida ishlayotganini ma’lum qildi.








