Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 31-avgust kuni Rossiyaga qarshi yangi, chuqurroq zarbalar berilishini ma’lum qildi. Bu haqda prezident ofisi xabar berdi.
Zelenskiy bu bayonotni Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning frontdagi vaziyat haqidagi hisobotidan so‘ng e’lon qildi. Unga ko‘ra, Rossiya armiyasi asosiy e’tiborini Pokrovsk yo‘nalishiga qaratgan va natijada katta talafot ko‘rmoqda.
“Donetsk viloyatida Mudofaa kuchlari belgilangan vazifalarni bajarishda davom etmoqda va bosqinchilarni yo‘q qilmoqda”, dedi Zelenskiy.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilning sakkiz oyida rossiyaliklar front bo‘ylab 290 mingdan ortiq askarini yo‘qotgan, ular orasida halok bo‘lganlar ham, og‘ir yaradorlar ham bor. Eng katta yo‘qotish Donetsk viloyatida qayd etilgan. Shunga qaramay, Rossiya biror strategik maqsadiga erisha olmagan.
“Frontning ayrim uchastkalarida barqarorlikni saqlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Ukraina uchun almashinuv fondini to‘ldirayotgan har bir bo‘linmadan minnatdorman. Har hafta bu borada natijalar bor”, dedi Zelenskiy.
Prezident Sirskiy bilan uchrashuvda Zaporojye yo‘nalishi, shuningdek, Sumi va Xarkov viloyatlarining chegara hududlaridagi vaziyatni ham muhokama qildi.
“Ukrainaning mudofaasi uchun zarur bo‘lgan shaklda faol operatsiyalarimizni davom ettiramiz. Kuch va resurslar tayyor. Yangi zarbalarni Rossiyaning ichkariroq hududlariga yo‘naltirish rejalashtirilgan”, dedi u.
29-avgust kuni Zelenskiy mudofaa kuchlari Xarkov va Donetsk viloyatlarida faol harakatlar olib borayotganini, bu esa rossiyaliklar uchun qiyinchilik tug‘dirayotganini aytgan edi. 31-avgust kuni esa Ukraina Bosh shtabi Rossiyaning yozgi hujumi deyarli muvaffaqiyatsiz tugaganini va belgilangan maqsadlarga erisha olmaganini ta’kidladi.








