Pokiston droni tunda Afg‘onistonning Xo‘st viloyatiga hujum qildi. Oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi, 6 kishi jarohatlandi. Bu haqda Hasht-e Subh Daily xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hujum Surkah Lahori hududida soat 01:00 atrofida sodir bo‘lgan. Qurbonlarning ikki nafari bolalardir, yaralanganlar orasida ayollar ham bor. Manbalar hujum Pokiston droni tomonidan amalga oshirilgan va tinch aholining uylari nishonga olinganini aytmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, iyun oyida Pokiston va Afg‘oniston chegarasi yaqinida portlash yuz bergandi. Shimoliy Vaziristonda noma’lum shaxs portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomobilni harbiy karvonga urib yuborgandi. Oqibatida 16 nafar harbiy halok bo‘lgan, yana 20 ga yaqin kishi, shu jumladan fuqarolar jarohatlangan edi.
Portlash oqibatida ikkita uyning tomi vayron bo‘lgan, olti nafar bola jarohatlangan. Hujum uchun javobgarlikni Pokiston “Tolibon” tashkilotiga mansub dala qo‘mondoni Hafiz Gul Bahodir guruhi o‘z zimmasiga olgan.








