Manbaga ko'ra, Netanyaxu amerikalik tadbirkor va podkastchi Patrik Bet-Devidga bergan intervyusida buni aytgan. Suhbat 26-avgust kuni e'lon qilingan.
Patrik bosh vazirga “Nega shu paytgacha hech bir isroillik bosh vazir turklar tomonidan armanlar, ossuriylar va yunonlarning o'ldirilishini genotsid deb atamagan” degan savol berdi. Bunga javoban Netanyaxu shunday dedi: “Ha, men hozirgina buni qildim. Tamom”.
Turkiya bosh vaziri Netanyaxuning so'zlarini qoralab chiqdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligining bayonotida esa shunday deyiladi: “Falastin xalqiga qarshi genotsidda ayblanayotgan Netanyaxu o'zi va hukumati sodir etgan jinoyatlarni yashirishga urinmoqda”.
Isroil 1915-1916-yillardagi voqealarni rasmiy ravishda genotsid sifatida tan olishdan tiyilib kelgan edi. Tarixchilarning fikricha, Usmonli imperiyasining muntazam qirg'inlari oqibatida 1,5 million arman halok bo'lgan. Knessetda bu masala bo'yicha turli tashabbuslar ko'tarilgan bo'lsa-da, ularning birortasi rasmiy ovoz berish bilan yakunlanmagan.
Isroilning bunday ehtiyotkorligi Turkiya bilan munosabatlarni saqlab qolishga urinish bilan izohlanardi. Biroq so'nggi yillarda bu munosabatlar keskin yomonlashdi. Ayniqsa, Isroilning falastinliklarga nisbatan olib borayotgan siyosati fonida bu yaqqol ko'rinadi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'on 2023-yilda Isroilni G'azo sektorida genotsid sodir etganlikda ayblagan edi.








