Daryo

Zelenskiy va Tramp uchrashuvida nimalar muhokama qilindi?

AQSH prezidenti kutilmaganda Ukraina va Yevropa delegatsiyalari bilan muzokaralarni to‘xtatib, Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qildi

2 daqiqa o‘qish22 185 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 18-avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazdi. Fevraldagi tashrifdan farqli o‘laroq, bu galgi uchrashuv ancha tinch o‘tdi.

Foto: Reuters

Prezidentlarning 28-fevral kungi muloqoti janjalga aylanib ketib, Ukrainaga yordamni vaqtincha to‘xtatish bilan yakunlangandi. Zelenskiy bu safar harbiy kiyim emas, rasmiy kostyum kiyib keldi va Amerika rahbariga bir necha bor minnatdorlik bildirdi.

Asosiy mavzu Ukraina xavfsizligini kafolatlash masalasi bo‘ldi. Tramp yordam va’da qildi, biroq mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishi masalasi muhokama qilinmayotganini aytdi. Ukraina AQSHga 100 milliard dollarlik qurol-yarog‘ xarid qilish shartnomasini taklif etdi va Rossiyaga hududiy yon berishni rad etdi.

Eng ko‘p muhokama qilingan voqea Trampning kutilmaganda Ukraina va Yevropa delegatsiyalari bilan muzokaralarni to‘xtatib, Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgani bo‘ldi. Bu qadam ittifoqchilarni hayratda qoldirdi, biroq Reuters manbasining ta’kidlashicha, Yevropa rahbarlari qo‘ng‘iroqni “ijobiy signal” sifatida qabul qilgan.

Ularning fikricha, Tramp ko‘pincha oxirgi suhbatdoshining fikriga qo‘shilishga moyil. Shu tufayli qo‘ng‘iroqdan so‘ng Yevropa o‘z nuqtayi nazarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Tramp Putin bilan suhbatdan so‘ng Zelenskiy va Rossiya prezidentining yuzma-yuz uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaganini aytgan. Ukraina va Rossiya prezidentlari ikki hafta ichida uchrashishi mumkin. Zelenskiyning o‘zi muzokaralarga tayyor ekanini va hududiy masalalarni muhokama qilmoqchi ekanini aytgan.

Muzokaralarda hudud masalasi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 16-avgust kuni Tramp bilan Alyaskadagi uchrashuvda Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlarining butun hududiga da’vo qildi. U oktyabrgacha Donetsk viloyatining okkupatsiya qilinmagan qismini egallab olishi mumkinligiga ishontirmoqda. Aslida rossiyalik harbiylar 10 yildan ortiq vaqt davomida butun hududni egallay olmayapti.

Oq uyning Oval kabinetida bosib olingan hududlar aks etgan Ukraina xaritasi. Pushti rangda Rossiya hududlarning necha foizini bosib olgani aks etgan
Foto: BBC

Ukraina nazoratida Kramatorsk va Slavyansk kabi yirik shaharlar bor. Ularni olish Baxmutdan ancha qiyin — o‘sha yerda Rossiya kamida 20 ming askarini yo‘qotgan. Bu ikki shahar ortida esa keng dashtlar bor, ular orqali yo‘l to‘g‘ridan to‘g‘ri Izium va Xarkovga olib boradi. Shu sababli Ukraina o‘z xavfsizligi nuqtayi nazaridan Donetsk viloyatining bu qismini tark etishga mutlaqo tayyor emas.

Bundan tashqari, gap shunchaki bir parcha yer haqida emas, balki hududlarning o‘n minglab ukrainalik aholisi haqida ketmoqda. Zelenskiy Tramp bilan uchrashuvda xaritada ko‘rsatilgan bosib olingan hududlar foizi ustida bahslashganini va bu masalada yaxshi bilimga egaligini aytgan. U hududlar masalasini o‘zi va Putin o‘rtasida muhokama qilishni xohlayotganini ta’kidlagan. 

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar