Daryo

Grenada Buyuk Britaniya qiroliga sodiqlik qasamyodidan voz kechdi 

O‘zgartirishlar sodiqlik qasamyodidan “uning oliy hazratlari qirol Charlz III, uning merosxo‘rlari va vorislari” iborasini olib tashlab, o‘rniga “Grenada” so‘zini kiritadi

1 daqiqa o‘qish5 461 ko‘rishlar0 izoh0

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III boshchiligidagi Millatlar hamdo‘stligi a’zosi bo‘lgan Grenada davlati Britaniya monarxiga sodiqlik qasamyodidan rasman voz kechdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Foto: Getty Images
“Ushbu tuzatishning bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanishi bizning milliy o‘ziga xoslik va konstitutsiyaviy rivojlanishga bo‘lgan umumiy sadoqatimizni ko‘rsatadi. Garchi ko‘plab masalalarda fikrlarimiz turlicha bo‘lsa-da, bugun biz birgalikda sadoqatimiz Grenada va uning xalqiga tegishli ekanini tasdiqlaymiz”, dedi Grenada bosh vaziri Dikon Mitchell.

O‘zgartirishlar sodiqlik qasamyodidan “uning oliy hazratlari qirol Charlz uchinchi, uning merosxo‘rlari va vorislari” iborasini olib tashlab, o‘rniga “Grenada” so‘zini kiritadi. Tuzatish turli konstitutsiyaviy qoidalarni, jumladan, deputatlar, vazirlar va nikoh qilayotgan fuqarolarning qasamyodini, shuningdek, sodiqlik qasamyodi belgilangan boshqa qonunlarni qamrab oladi.

“Bu o‘zgarish Grenadaning suvereniteti va o‘ziga xosligini mustahkamlagan holda, mamlakat va uning xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sodiqlikni tasdiqlash bo‘yicha kuchayib borayotgan milliy kayfiyatni aks ettiradi”, deyiladi bayonotda.

Grenada — konstitutsiyaviy monarxiya bo‘lib, mamlakat Millatlar hamdo‘stligi tarkibiga kiradi va rasmiy davlat rahbari Buyuk Britaniya monarxi hisoblanadi. Unga general-gubernator vakillik qiladi va u asosan tantanali vazifalarni bajaradi.

Millatlar hamdo‘stligi 56 ta mustaqil davlat birlashmasidan iborat bo‘lib, unga Buyuk Britaniya va uning deyarli barcha sobiq dominionlari, mustamlakalari va protektoratlari, shuningdek, Mozambik, Ruanda va Gabon kiradi. Hamdo‘stlik mamlakatlarining umumiy aholisi ikki milliarddan ortiq hamda uning rahbari Britaniya monarxi hisoblanadi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar