Daryo

“Shahed kushandasi” Ukraina tutib oluvchi dronlarga nega umid bildiryapti? 

Rossiya armiyasi Ukraina shaharlariga dron hujumlarini jadallashtirib bormoqda. Bu esa ukrainaliklarni og‘ir ahvolga solib, arzon va keng qamrovli yechimlar joriy etishga majbur qilyapti. Tutib oluvchi dronlar mana shunday zarurat sabab dunyoga kelgan hamda tezlik bilan ommalashayotgan texnologiyadir. Ular arzon, shu bois yirik sonlarda ishlab chiqarish mumkin

2 daqiqa o‘qish4 121 ko‘rishlar0 izoh0

Rossiya Ukraina shaharlariga Shahed dronlari bilan zarba intensivligini oshirib borar ekan, unga qarshi turish tobora murakkablashib bormoqda. Havo mudofaa tizimlari haddan ziyod yuklamaga dosh bera olmayapti. Ukrainaliklar endilikda arzon va yangi vosita — tutib oluvchi dronlarga umid bog‘layapti.

Intercepter (tutib oluvchi) dron
Foto: X

Bu turdagi qurilmalar vertikal ravishda ko‘tarilishi, parvoz davomida murakkab manyovrlarni amalga oshirishi mumkin. Ular Shahed va boshqa shu turdagi an’anaviy usulda parvoz qiluvchi dronlarni bevosita to‘qnashish bilan safdan chiqaradi.

Poytaxt Kiyevdagi korxonalarning biriga borgan Zelenskiy rasmiylarga bu turdagi tutib oluvchi dronlardan har kuni mingta ishlab chiqarishga topshiriq berdi. Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, buning uchun 6 milliard dollarlik shoshilinch mablag‘ zarur. 

Ukraina prezidenti dronlar yig‘adigan korxonada
Foto: President.ua

Sternenko jamg‘armasi va Come Back Alive kabi xayriya tashkilotlari mazkur turdagi dronlarni ishlab chiqarishga sarmoya kiritgan. Come Back Alive ekspertlaridan Taras Timochkoning aytishicha, tutib oluvchi dronlarning narxi har biri uchun 5 000 dollardan qimmat bo‘lmasligi lozim. Qolaversa, ular tezligini taxminan 300 km/soatga yetkaza olishi, shuningdek 5 000 metr balandlikda parvoz qilishi talab etiladi. 

“Endi asosiy vazifa — shartnomalarni tezroq berish, ishlab chiqarishni kengaytirish va operatorlarni tayyorlash. Oxirgisi eng katta muammo bo‘lishi mumkin. Rossiyada Shahed va Geran dronlari ishlab chiqarish quvvati yuqori. Ularni quvib yetish juda murakkab, ammo biz bunga juda yaqinmiz”, degan Timochko. 

Tytan Technologies kompaniyasi vakili Maks Enders texnologik to‘siqlar hamon ko‘pligini aytadi. Unga ko‘ra, dronlarni mavjud radar tarmoqlariga integratsiya qilish kerak. Shu bilan birga, elektron urush tizimlari ta’siriga tushib qolmasligi uchun, ularni sun’iy intellektga asoslangan avtonom boshqaruv bilan ta’minlash lozim. 

Tutib oluvchi dron
Foto: Techukraine.org

Enders jarayonni “doimiy moslashuv poygasi” deb ataydi. Boshqacha aytganda, har ikki tomon dasturlarini 15–20 kunlik innovatsion sikllar bilan yangilab boradi. Keyin esa yangi qurolga qarshi himoya chorasi o‘ylab topiladi. Shu bilan raqobat uzluksiz davom etadi.  

Biroq tutib oluvchi dronlar Ukraina umid bildirayotgan yagona vosita emas. Mamlakat qurolli kuchlari mahalliy ishlab chiqarilgan Sky Sentinel avtonom jangovar moduli va Germaniyadan keltirilgan Skynex zenit artilleriya tizimlaridan foydalanmoqda. Ular havo nishonlarini aniqlash va ulargacha masofani o‘lchash uchun ilg‘or texnologiyaga ega.  Biroq bu kabi tizimlarning soni cheklangan. 

Skynex tizimi
Skynex tizimi
Foto: Ukraina manbalari

Ukraina muhandislari, shuningdek, Trizub nomli lazer mudofaa tizimi ustida ham ishlamoqda. U 3 kilometrgacha balandlikdagi nishonlarni zararsizlantirishga qodirligi aytilmoqda. Lekin u qachon tayyor bo‘lishi ma’lum emas. Qolaversa, ob-havo kabi omillar bunday tizimlar ishiga salbiy ta’sir qiladi. 

Shu bois hozircha eng ko‘p umid bildirilayotgan vosita tutib oluvchi dronlar bo‘lib turibdi. “Odin” modeliga mansub uchuvchisiz uchish qurilmalari allaqachon janglarda o‘zini yaxshi namoyon qilgan. 

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar