Daryo

Isroil gumanitar yordam olish uchun ketayotgan 36 nafar g‘azolikni o‘ldirdi

BMT ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarga gumanitar yordam olish uchun kelgan 875 kishi ayovsiz o‘t ochilishi natijasida halok bo‘lgan

2 daqiqa o‘qish6 015 ko‘rishlar0 izoh0

Oziq-ovqat olish uchun yordam tarqatish punktiga borayotgan kamida 36 nafar falastinlik Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgan. G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylari va Xon Yunisdagi al-Nasser shifoxonasining ma’lum qilishicha, voqea 19-iyul kuni erta tongda yuz bergan. 

G‘azolik yigit yaqinlarini so‘nggi manzilga kuzatmoqda
Foto: Reuters

Isroil harbiylari mazkur holat yuzasidan bayonot chiqarib, yordam tarqatish punktidan bir kilometr masofadagi qo‘shinlarga yaqinlashgan shaxslarga qarata “ogohlantiruvchi o‘q uzilgani”ni ta’kidlagan. Yahudiy rasmiylarining iddao qilishicha, falastinliklar go‘yoki to‘xtash haqidagi chaqiriqlarga bo‘ysunmagan. Biroq g‘azoliklardan biri Muhammad al-Xolidiy voqeani boshqacha tasvirladi:

“Biz ular safni tartibga keltirish uchun chiqdi deb o‘yladik, birdaniga har ikki tomondan jip va tanklar chiqib, bizga qarata o‘q uzishni boshladi”, dedi u.

GHFning pozitsiyasi

AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo Gumanitar Fondi (GHF) voqea tarqatish punktlari ochilishidan oldin, qolaversa ular nazorat qiladigan hududdan bir necha kilometr uzoqlikda sodir bo‘lganini ta’kidladi. Tashkilot, shuningdek, odamlar tarqatish punktlariga kechasi kelmaslik haqida ogohlantirilganini da’vo qildi. 

“Halok bo‘lganlarning aksariyati bizning eng yaqin punktimizdan bir necha kilometr uzoqda bo‘lgan”, deyiladi GHF bayonotida.

Ammo tashkilotning o‘zi ham gumanitar yordam olish uchun kelgan tinch aholining vahshiylarcha o‘qqa tutilishi sabab salbiy reputatsiya qozonib bo‘ldi. BMTning Jenevadagi inson huquqlari bo‘yicha idorasi ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi olti haftada yordam punktlari va oziq-ovqat karvonlari atrofida 875 kishi halok bo‘lgan.

Falastinlik bola yordam olish uchun ketib, jasadi qaytgan yaqini uchun yig‘lamoqda
Foto: Reuters

Biroq GHF tarqatish punkti yaqinida yuz bergan holat yagona keys emas. 19-iyul kuni anklavning boshqa hududlarida ham yana kamida 50 kishi o‘ldirildi. Jumladan, Nuseyrat lagerida HAMAS nazoratidagi politsiya boshlig‘i va uning 11 nafar oila a’zosi nishonga olindi. Isroil armiyasi esa tinch aholiga zarba berilganini inkor qilib, qurol omborlari va snayperlarning pozitsiyalari nishonga olinganini iddao qildi.

Qonli mojaro

2023-yil 7-oktyabr sanasidan so‘ng boshlangan qatliomlar sabab 58 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Ularning aksari ayollar va bolalar edi. Anklavning deyarli barcha aholisi o‘z uylaridan ko‘chirilgan, hudud vayronaga aylangan.

Ayni damda Isroil va HAMAS Dohada bilvosita muzokaralar olib bormoqda. Ularga AQSH, Misr va Qatar vositachilik vazifasini bajaryapti. Tomonlar 60 kunlik sulh va garovdagilarni ozod qilish kabi masalalarni muhokama qilmoqda. Ammo hozircha natija yo‘q.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar