Daryo

AQSH G‘arbiy Sohildagi falastinliklar cherkoviga hujumni terrorchilik harakati deb atadi

Qo‘shma Shtatlarning Isroildagi elchisi aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi

1 daqiqa o‘qish6 479 ko‘rishlar0 izoh0

Qo‘shma Shtatlarning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi G‘arbiy Sohildagi cherkovga qilingan hujumni “terakt” deb atadi va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

C
Cherkov ruhoniysi yahudiy ko‘chmanchilar hujumlarida o‘ldirilgan nasroniy falastinliklarni dafn etmoqda
Foto: Reuters

Elchi Xakabining aytishicha, u Taybe shahriga borib, isroillik ko‘chmanchilar tomonidan 8-iyul kuni o‘t qo‘yilgan qabriston va V asrga oid cherkovni ko‘zdan kechirgan. 

“Bu terrorchilik harakati va jinoyatdir. Taybeda yoki boshqa joyda bunday hujumlarni amalga oshirganlar topilib, javobgarlikka tortilishi shart. Shunchaki ogohlantirish yetarli emas”, dedi Xakabi o‘z bayonotida.

Xakabi bundan bir necha kun oldin ham G‘arbiy Sohildagi yahudiy ko‘chmanchilar tomonidan kaltaklab o‘ldirgan falastinlik-amerikalik yigitning o‘limi yuzasidan “agressiv tergov” talab qilgan va hodisani “jinoyat va terrorchilik harakati” deb baholagan edi.

Qo‘shma Shtatlarning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi hujumga uchragan cherkovni ko‘zdan kechirmoqda
Foto: Mahalliy nashrlar

Tramp ma’muriyatining pozitsiyasi

Mayk Xakabi Isroil hukumati tomonidan yashirincha dastaklanadigan yahudiy ko‘chmanchilari posyolkalarining ashaddiy tarafdori hisoblanadi. Shunga qaramay, uning bu fikrlari Donald Tramp ma’muriyatining Isroilga qarshi kamdan-kam uchraydigan keskin bayonotlaridan biridir.

Donald Tramp hokimiyatga kelgan yanvar oyidayoq isroillik ko‘chmanchilar va guruhlarga nisbatan sobiq prezident Bayden davrida qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilgan edi. 

Zo‘ravonlik kuchaymoqda

G‘arbiy Sohilda isroillik ko‘chmanchilarning falastinliklarga hujumlari 2023-yilning 7-oktyabr sanasidan buyon yanada kuchaydi. Biroq bosib olingan hududlar bo‘ylab zo‘ravonlik holatlari undan oldin ham keng tarqalgan edi.  

Qurollangan va armiya ko‘magiga tayangan ko‘chmanchilar tinch aholini muntazam nishonga oladi
Foto: Tarmoqdan

BMT sudining eng yuqori instansiyasi o‘tgan yili Isroil tomonidan 1967-yilgi urushda egallangan hududlar, jumladan G‘arbiy Sohilda qurilgan posyolkalarni noqonuniy deb topdi. Tel-Aviv esa, tabiiyki, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad qiladi. 

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar