Daryo

Britaniyada 60 ga yaqin deputat Falastin davlatini darhol tan olishga chaqirdi

Qonunchilarning ta’kidlashicha, Isroil G‘azoda etnik tozalash olib boryapti

2 daqiqa o‘qish3 406 ko‘rishlar0 izoh0

Buyuk Britaniya parlamentining 60 ga yaqin a’zosi Falastin davlatini darhol tan olishni talab qildi. Bu chaqiriq Isroil mudofaa vaziri g‘azoliklarni Rafah xarobalarida quriladigan lagerga majburan ko‘chirish rejasini e’lon qilganidan so‘ng yangradi.

f
G‘azo vayronalari
Foto: NPR

Tashabbus Leyboristlar partiyasining markazchi va so‘l qanot deputatlaridan chiqqan bo‘lib, ular tashqi ishlar vaziri Devid Lemmiga xat yo‘ladi. Unda G‘azoda etnik tozalash sodir bo‘layotgani aytiladi. 

Deputatlar hukumatdan Isroilning Rafah bo‘yicha rejasiga to‘sqinlik qilish uchun zudlik bilan chora ko‘rishni, shuningdek Falastin davlatini rasman tan olishni talab qilishmoqda.

Bu maktub Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer bilan qo‘shma matbuot anjumanidan so‘ng yuborilgan. O‘shanda ikki davlat rahbarlari Falastinni tan olish bo‘yicha bayonot bergan edi. 

“Biz sizga Isroil mudofaa vazirining dushanba kuni e’lon qilgan, barcha g‘azoliklarni Rafah xarobalarida joylashgan lagerga majburan ko‘chirish rejasiga oid tashvishlarimizni bildirish uchun murojaat qilyapmiz. Isroildagi yetakchi inson huquqlari yuristi Mixail Sfrad buni ‘insoniyatga qarshi jinoyatni amalga oshirish bo‘yicha harbiy reja’ deb ta’rifladi. Shuningdek aholini G‘azo janubiga ko‘chirish va ularni mintaqadan butunlay deportatsiya qilishga tayyorgarlik sifatida baholadi”, deyiladi maktubda. 

Deputatlar hukumatdan beshta yo‘nalishda harakat qilishni so‘radi. Ularning ayrimlari, xususan, UNRWA (Falastin qochqinlari bo‘yicha BMT agentligi)ga moliyaviy yordam ko‘rsatish va HAMAS ixtiyorida saqlanayotgan isroilliklarni ozod etish bo‘yicha ishlar bormoqda.

Isroil blokadasi sabab g‘azoliklar favqulodda og‘ir sharoitlarda yashashga majbur bo‘lyapti
Foto: The Journal

Ammo boshqa bandlar, xususan, G‘arbiy Sohilda noqomuniy qurilgan Isroil mahallalari bilan savdoni cheklash va Falastin davlatini zudlik bilan tan olish kabilarga erishish oson bo‘lmasligi mumkin.

“Falastinni davlat sifatida tan olmasligimiz bilan biz ikki davlat yechimi siyosatimizni zaiflashtiramiz va status-kvoning davom etishiga, Falastin hududlarining amalda yo‘q bo‘lib ketishiga imkon yaratamiz”, deya ogohlantirgan deputatlar.

Britaniya hukumati Falastinni tan olish masalasini “tinchlik jarayonining bir qismi” sifatida ko‘radi. Biroq bu aynan qachon amalga oshishi aytilmagan.

“Biz Falastin davlatini tan olishga sodiqmiz va buni tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eng katta ta’sirga ega bo‘lgan vaqtda amalga oshiramiz”, degan Britaniya TIV vakili. 

Ushbu maktub Leyboristlar partiyasi deputatlarining so‘nggi haftalardagi ikkinchi murojaati hisoblanadi, ammo bu safar ular o‘z ismlarini ochiq e’lon qilishgan. Avvalgi xatga ayrim parlament yordamchilari va kichik vazirlar ham imzo qo‘ygan edi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar