Daryo

Putin Rossiya harbiy xarajatlarni kamaytirishini aytdi

Rossiya rahbariga ko‘ra, hozir mamlakat yalpi ichki mahsulotining 6,3 foizi yoxud 172 mlrd AQSH dollari ayni shu maqsad uchun sarflanmoqda

2 daqiqa o‘qish7 868 ko‘rishlar0 izoh0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning mamlakati harbiy xarajatlar uchun ko‘p mablag‘ sarflayotganini tan olib, mudofaa byudjeti qisqartirilishini aytdi. Bu haqda  |The Telegraph yozmoqda.

Putin says Russia will cut military spending as economy 'on the brink of going into a recession'
Foto: Getty Images

Vladimir Putinning o‘z chiqishida aytishicha, Rossiya “keyingi yil va undan keyingi yil, ya’ni kelgusi uch yillik davrda” harbiy xarajatlarini kamaytira boshlaydi. Kreml rahbari hozirda bu maqsad uchun 13,5 trillion rubl (172 milliard AQSH dollari) sarflanayotganini aytib, mazkur ko‘rsatkich YIMning 6,3 foiziga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. 

Putinning ushbu bayonoti Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovning o‘tgan haftadagi ogohlantirishidan so‘ng yangradi. U mamlakat “retsessiya yoqasida” turganini va bu iqtisodiy o‘sishning sezilarli darajada sekinlashuviga olib kelishi mumkinligini bildirgan edi.

Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina ham urush davrida iqtisodiy o‘sishni mudofaa sanoati xarajatlari ta’minlagani, hozir esa mazkur omil o‘z kuchini yo‘qotayotganini ta’kidlagandi.

“Biz ikki yil davomida ancha yuqori sur’atlarda o‘sdik, chunki erkin resurslar ishga tushirildi. Endi shuni tushunish kerakki, bu resurslarning ko‘pi aslida tugagan”, dedi Nabiullina.

The Telegraph nashrining yozishicha, Rossiya iqtisodiyoti 2024-yilda 4,3 foizga o‘sgan. Ammo inflyatsiyani jilovlash uchun oktyabrdan buyon foiz stavkalari 21 foiz darajasida ushlab turilgan. Joriy oyda mazkur ko‘rsatkich 20 foizgacha tushirilgan, chunki inflyatsion bosim biroz kamaygan.

Qolaversa, mamlakat ishchi kuchi tanqisligiga ham duch kelmoqda. Shu bois ish haqi o‘sishi so‘nggi 16 yildagi eng yuqori darajaga yetdi. Bunga mehnatga layoqatli insonlarning mudofaa sanoati va armiyaga jalb etilishi sabab bo‘lgan. Moskva Oliy iqtisodiyot maktabining 2024-yilgi hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yil oxiriga kelib Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi 2,6 million kishini tashkil qilgan.

Safarbar etilgan rus askarlari urushga yo‘l olmoqda
Foto: Tarmoqdan

Mudofaa sanoati davlat xarajatlarining oshishidan foyda ko‘rayotgan bo‘lsa-da, bu xususiy sektorga salbiy ta’sir qilgan. Iqtisodiyotning mazkur yo‘nalishi pasayib borayotgan talab, o‘sib borayotgan xarajatlar va yuqori foiz stavkalari tufayli qarz yukidan aziyat chekmoqda.

Bloomberg News manbalariga ko‘ra, Rossiya bank tizimi vakillari yopiq eshiklar ortida turib, mamlakat 2025-yilda korporativ qarzlar bo‘yicha to‘lovlar bajarilmay qolgani bois moliyaviy inqirozga yuz tutishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Bloomberg shuningdek, Ukrainadagi urushdan qaytayotgan “rus faxriylari uchun nafaqa va ularni jamiyatga reintegratsiya qilish” kabilar sabab xarajatlar yanada ortishi mumkinligini qayd etgan. Bugungi kungacha taxminan 140 ming rossiyalik askar odatiy hayotga qaytgan bo‘lib, ularning ko‘pi hozir ishsizdir.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar