Daryo

“Roma” nega Shomurodovni sotmoqchi?

Klub yozda jamoadan ketadigan futbolchilar ro‘yxatini shakllantirgan

1 daqiqa o‘qish11 759 ko‘rishlar0 izoh0

Italiyaning “Roma” klubi UEFA tomonidan qo‘yilgan moliyaviy talablarni bajarish uchun 2025-yil 30-iyungacha taxminan 10 million yevro daromad topishi kerak. Shu sababli klub ayrim futbolchilarni sotishni rejalashtirmoqda.

Foto: Getty Images

Klub tarkibidagi bir nechta o‘yinchilar — Mile Svilar, Kone va Evan N’Dika kabi futbolchilarni sotishni rejalashtirmoqda. Garchi rahbariyat bu borada aniq qaror qilmagan bo‘lsa-da, ba’zi futbolchilarning jamoadan ketishi aniq bo‘lib ulgurgan.

Rahbariyat Eldor Shomurodov va Leandro Paredesning kelajagi yuzasidan  muzokara olib bormoqda. Paredes sobiq klubi — “Boka Xuniors”ga qaytmoqchi ekanligini ma’lum qilgan. Shomurodovga A Seriyaning boshqa jamoalari hamda Fransiya va Turkiya chempionatlaridan jiddiy takliflar bor. 

O‘zbekistonlik hujumchi 2021-yilda “Roma”ga 17,5 million yevro evaziga kelgan. Klub moliyaviy hisobotlarida bu xarajatni uzoq muddat davomida bo‘lib to‘lashi ko‘zda tutilgan. Retesport nashriga ko‘ra, rimliklar “Jenoa”ga yana 3,5 million yevro berishi kerak.

Agar “Roma” Eldorni 8 million yevroga sotadigan bo‘lsa, 3,5 million yevro Genuya klubiga to‘laydi va taxminan 4,5 million yevro foyda ko‘radi.

Leandro Paredes 2023-yilda “Roma” bilan ikki yillik shartnoma imzolagan. 2024-yil 30-iyundan so‘ng u klub balansida nol qiymatga ega bo‘ladi, ya’ni klub uchun xarajat sifatida hisoblanmaydi. Agar u shu oyning oxirigacha 3,5 million yevroga “Boka”ga o‘tsa, “Roma” bu summani to‘liq daromad sifatida qo‘lga kiritadi.

Agar Shomurodov va Paredes transfer qilinsa, “Roma” taxminan 6,5-7 million yevro atrofida daromad oladi. Bu hali UEFA talab qilgan 10 million yevroga yetmaydi, ammo klub moliyaviy muammolarni yumshatishda bu transferlar muhim rol o‘ynaydi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar