Daryo

Dunyodagi eng mashhur mafiyachi — Al Kaponening ayanchli taqdiri

XX asrning birinchi yarmida Amerikada eng taniqli mafiyachi bo‘lgan Al Kapone 1947-yilda 48 yoshida vafot etadi. Al Kapone 31 yoshida qamalgan va qamoqxonada pichoqlangan. Oqibatda uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar paydo bo‘lgan. Uning qamalishiga FQB rahbari Jon Edgar Huver bilan kelisha olmay qolgani sabab bo‘lgani aytiladi. Keyinchalik Hollivudda u haqda ko‘plab filmlar va seriallar suratga olingan.

7 daqiqa o‘qish132 133 ko‘rishlar0 izoh1

XX asrning birinchi yarmida Amerikada eng taniqli mafiyachi bo‘lgan Al Kapone 1947-yilda 48 yoshida vafot etadi. Al Kapone 31 yoshida qamalgan va qamoqxonada pichoqlangan. Oqibatda uning sog‘ligida jiddiy muammolar paydo bo‘lgan. Uning qamalishiga FQB rahbari Jon Edgar Huver bilan kelisha olmay qolgani sabab bo‘lgani aytiladi. Keyinchalik Hollivudda u haqda ko‘plab filmlar va seriallar suratga olingan.

 

Amerikada fuqarolar bemalol yonida qurol olib yurishi mumkin. Bu ish Amerika hali Britaniya koloniyalari bo‘lib yurgan paytdan boshlab davom etib kelyapti.

Ba’zida ayrim prezidentlar, turli siyosatchilar va boshqa mas’ul shaxslar amerikaliklarga qurol olib yurishni taqiqlash haqida gapirib qoladi. Biroq qariyb 400 mln aholi yashayotgan yirik davlatda buni qanday amalga oshirish mumkinligi hozircha noaniq.

Odamlarning erkin ravishda qurol olib yurishi mumkinligi tufayli XX asrning birinchi yarmida Amerikada jinoyatchilik darajasi birmuncha baland bo‘ladi.

Turli jinoiy va mafiya guruhlari ko‘payib, ular orasida raqobat avj oladi. Oqibatda tez-tez ommaviy otishmalar sodir etiladi. O‘shanda Amerikadagi eng mashhur jinoyatchi va mafiyachi Al Kapone bo‘lgan. Qanchalik mashhur bo‘lmasin, oxir-oqibat uning hayoti ayanchli tugaydi.

Italiyalik muhojirlarning farzandi

Haqiqiy ism-sharifi Alfonse Garbriyel Kapone bo‘lgan bu shaxs 1899-yilda Bruklinda italiyalik muhojirlar oilasida tug‘iladi. Kaponelarning 9 farzandi bo‘lib, Alfonse to‘rtinchisi edi.

XX-asr boshlarida AQSHning juda ko‘plab yirik shaharlarida jinoiy to‘dalarni italiyalik muhojirlar yoki ularning farzandlari boshqarardi. Shu jumladan, Nyu Yorkda ham.

Alfonse 14 yoshda ekanida o‘ziga tanbeh bergan o‘qituvchiga hujum qiladi va maktabni tashlab ketadi. Shundan so‘ng u kelib chiqishi italiyalik bo‘lgan Jonni Torrioning e’tiboriga tushadi va uning “Jeyms-Strit” deb nomlangan to‘dasiga qo‘shiladi.

Keyinroq boshqa bir italiyalik jinoyatchi “Pol Kelli” nomi bilan tanilgan Paolo Vakkarelli boshchilik qiladigan “Besh burchak” jinoiy to‘dasi a’zosiga aylanadi.

Al Kapone o‘smir davrida
Foto: pronews.gr

O‘sha paytlarda u italiyalik boshqa bir jinoyatchi Frenk Galuchcho bilan o‘zaro qasdlashib qoladi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ular o‘rtasidagi kelishmovchilik Alfonsening singlisi tufayli, boshqasiga ko‘ra Galuchchoning xotini tufayli bo‘ladi.

Oxir-oqibat yakkama yakka jangda Galuchcho Alfonsening yuzini pichoq bilan tilib yuboradi va uning o‘rni chandiq bo‘lib qoladi. O‘shanda kim g‘olib chiqqani muhim emas, shunchaki Alfonso chandiqni qanday orttirganini yashiradi. So‘raganlarga “armiyada orttirganman” deydi. Biroq u armiyada xizmat qilmagandi.

1917-yilda Nyu York politsiyasi bu paytga kelib “Al Kapone” taxallusini olgan Alfonse bilan qiziqa boshlaydi. Uni ikkita qotillikda gumon qilishadi.

Shundan so‘ng Al Kapone Chikagodagi eng yirik jinoiy to‘da boshlig‘i, italiyalik Jon Torrioni oldiga qochib borishga majbur bo‘ladi.

Jon Torrio
Foto: alamy.com

O‘sha paytda Jon Torrio amakisi Jeyms Kolozio bilan nizolashib yurgandi. 1920-yilda Torrio qarindoshini yo‘q qilishga qaror qiladi va Al Kapone uni qo‘llab-quvvatlaydi. Ko‘p o‘tmay Kolozio o‘ldiriladi.

Al Kapone va Torri shundan keyin ham tinchishmaydi va Chikagoda hukmronlik o‘rnatish uchun bu safar irlandiyalik Deyon O’Benion boshchilik qiladigan Irish North Side guruhi bilan raqobatga kirishadi.

Bu urushda Deyon O’Benion o‘ldiriladi. Lekin irlandiyaliklar mag‘lubiyatni tan olishmaydi va to‘daboshi uchun qasos sifatida Al Kaponing ukasini o‘ldirishadi.

Chikagoning “egasi”

So‘nggi otishmada Torrio ham og‘ir jarohat oladi va Chicago Outfit deb nomlangan jinoiy to‘da boshqaruvini 26 yoshli Al Kaponega topshirishga majbur bo‘ladi.

O‘sha paytda guruhda minglab gangsterlar bo‘lib, ular asosan giyohvand moddalar va noqonuniy qurol savdosi, fohishabozlik va boshqa ishlarni nazorat qilardi.

Shuningdek, ular Chikago va uning atrofidagi barcha tadbirkordan “o‘lpon” yig‘ardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Al Kapone boshchiligidagi guruh haftasiga 300-400 ming dollar ishlardi. Guruh erkin ishlashi uchun Chikago politsiyasiga va va siyosatchilarga salmoqli miqdorda pora berib turadi.

Foto: alamy.com

Al Kapone jinoyat olamiga reket (italyancha ricatto — tovlamachilik) so‘zini olib kiradi. U Torrio davrida boshlangan ishni davom ettiradi va Chikago hamda uning atrofida yakka hokim bo‘lishi uchun boshqa katta-kichik guruhlarga qarshi urush e’lon qiladi.

Turli to‘qnashuv va otishmalarda har ikki tomondan ko‘plab odamlar o‘lardi. 1924—1929-yillar oralig‘ida ana shunday to‘qnashuvlar tufayli Chikagoda 500 nafardan ortiq ashaddiy jinoyatchi-gangsterlar o‘ldiriladi. Al Kapone yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish uchun guruhga tinimsiz odam qo‘shardi.

Al Kapone Deyon O’Benion, Douerti va Bill Moran boshchilik qiladigan jinoiy to‘dalarni shafqatsizlarcha yo‘q qiladi. Chikago ko‘chalarida sodir etilgan otishmalarda jinoyatchilar avtomat qurollar, pulemyotlar, qo‘l granatalaridan foydalanishadi. Shuningdek, raqiblarning bir qismi mashinalarga o‘rnatilgan portlovchi qurilmalar yordamida yo‘q qilinadi.

“Pul yuvish” iborasining kelib chiqishi ham Al Kapone bilan bog‘liq. U jinoyat yo‘li bilan topilgan daromadlarini yashirish uchun AQSHda kir yuvuvchi korxonalarning yirik tarmog‘ini ochadi. So‘ng hisobotlarda jinoiy daromadini kir yuvish korxonalarida ishlab topilgan pullar deb ko‘rsata boshlaydi.

Foto: alamy.com

Al Kapone eng ko‘p pulni spirtli ichimliklarning yashirin savdosidan ishlab topadi. Gap shundaki, 1920 yildan boshlab AQSHda spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish va sotish taqiqlanadi. Hatto Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilib, bu ish asosiy qonunda belgilab qo‘yiladi.

“Quruq qonun” deb atalgan bu norma qabul qilinganidan AQSHdagi jinoiy to‘dalar, ayniqsa italiyaliklar foydalanib qoladi. Ular Italiyadan vino keltirib, mamlakat bo‘ylab yashirincha tarqata boshlashadi.

“Quruq qonun” 1933-yilda bekor qilinadi. Ungacha nafaqat Al Kaponening guruhi, boshqalar ham juda katta pul ishlab olishadi.

Hibs, qamoq va o‘lim

1931-yilda Al Kapone hibsga olinadi. 1932-yil may oyida sud jinoyatchiga 11 yil qamoq jazosini beradi. Uni 388 ming dollar soliqni to‘lamaganlikda aybdor deb topishadi. Al Kaponeni Atlanta shahridagi qamoqxonaga jo‘natib yuborishadi.

Qamoqxonaga qabul qilishdan avval uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi. Shunda jinoyatchida sifilis kasalligi, shuningdek, giyohvand moddalarga qaramlik borligi aniqlanadi.

Qamoqxona ma’muriyati Al Kaponeni sog‘ligidagi muammolar tufayli birmuncha yengil ish – oyoq kiyimlarini ta’mirlash ustaxonasiga joylashtiradi. Biroq unga boshqa jinoyatchilar xavf solardi. Ana shunday paytlarda Al Kaponeni bir necha marta xonadoshi qutqarib qoladi.

1934-yilda Al Kaponeni San Fransisko yaqinidagi Alkatras orolida joylashgan qamoqxonaga ko‘chiriladi. 1936 yilda shu yerda uni boshqa bir mahbus pichoqlaydi. Jinoyatchi tirik qoladi. Biroq sog‘ligini yo‘qotadi.

Foto: alamy.com

Oradan 3 yil o‘tgach uni muddatidan avval ozod qilishadi. Biroq bu paytga Al Kaponening sog‘ligi ancha yomonlashgandi. Shu sababli uni shifoxonaga yotqizishadi. 1940-yilda sog‘ligi biroz o‘nglangach Al Kaponega javob berishadi. Shundan so‘ng u oilasi bilan Florida yaqinidagi Palm Aylend orolidagi hashamatli uyda yashay boshlaydi.

Al Kapone yaqinlari davrasida yashayotgan bo‘lsa-da, ruhiy tomondan sog‘lig‘i muttasil yomonlasha boshlaydi. 1946-yilda uni tekshirib ko‘rgan shifokorlar Al Kaponening fikrlashi 12 yoshli boladay bo‘lib qolganini aytishadi. 1947-yil 21 yanvarda Al Kapone yurak xurujiga uchraydi. 25 yanvar kuni u uyida vafot etadi.

FQB rahbari bilan kelishmovchilik

Al Kapone Chikagoni “qo‘lga olgan” kezlarda AQSHda yalpi xavfsizlik bo‘yicha mas’ul bo‘lgan tashkilot – Federal qidiruv byurosiga ancha qattiqqo‘l bo‘lgan Edgar Huver rahbarlik qilardi.

Federal qidiruv byurosi rahbari Edgar Huver. U tashkilotni vafotigacha 48 yil davomida boshqargan.
Foto: alamy.com

Chikago ko‘chalarida jinoyatchi guruhlarning o‘zaro jangi tufayli sodir etilgan otishmalar, tadbirkorlardan “o‘lpon” undirilishi va boshqa jinoyatlar Vashingtongacha yetib boradi.

Shundan so‘ng FQB rahbari Edgar Huver jinoyatchi to‘dalarni jilovlashga kirishadi. Boshqa shaharlarga qaraganda Chikagoda vaziyat juda yomon bo‘lgani uchun Huver tozalashni eng avval shu shahardan boshlaydi.

O‘shanda Huver avvaliga jinoyatchi to‘dalar boshliqlarini o‘z amri ostiga o‘tkazishni xohlaydi. Bu ishga ko‘nganlar omon qoladi. Ko‘nmaganlarga “urush” e’lon qilinadi.

Al Kapone AQSHdagi eng mashhur jinoyatchi sifatida Huverning yo‘rig‘iga yurishni xohlamasdi. Shu sababli uni 1931-yilda hisobga olib, 1932-yilda sud qarori bilan uzoq muddatga qamaladi.

Keyinchalik, guvohlarning eslashlaricha u qamoqxonaga olib kirilgan paytda “Uh la’nati Huver” deb baqirgan. Ayrimlar esa o‘shanda u FQB boshlig‘ini emas, AQSHni 1929–1933-yillarda boshqargan va mamlakatni og‘ir ahvolga tushirgan 31-prezident Gerbert Huverni nazarda tutgan deyishadi.

Biroq Al Kaponening prezident bilan muammosi yo‘q edi. Unga AQSHni kim, qanday boshqarishining farqi bo‘lmagan. Shu sababli jinoyatchi o‘shanda FQB boshli0i Edgar Huverni nazarda tutgani haqiqatga yaqinroq.

Bunga yana bir isbot, 1972-yil Edgar Huver vafot etganidan so‘ng u 1930-yillarda AQSHdagi jinoiy to‘dalarni o‘ziga tobe qilgani, bo‘ysunmaganlarni yo‘q qilgani haqida gap-so‘zlar chiqqandi. Shulardan kelib chiqsak, Al Kaponening uzoq yilga qamalishiga aynan FQB boshlig‘i Edgar Huver sabab bo‘lgandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar