Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH bilan muzokaralar olib borish uchun Saudiya Arabistoniga bir-biri bilan ziddiyatga borgan diplomatlarni yubordi. Bu haqda manbalarga tayanib, Agenstvo xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, shaxsiy adovat fonida rossiyalik diplomatlar amerikaliklarning ko‘z o‘ngida stul uchun janjallashgan. Dastlab muzokaralar uchun faqat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov borishi kerak edi. Biroq, Rossiya hukumati to‘satdan delegatsiya tarkibiga o‘zining maxsus vakili Kirill Dmitriyevni qo‘shgan. Ammo Sergey Lavrov bu haqda ogohlantirilmagani aytilmoqda.
Natijada Rossiya tashqi ishlar vaziri “jazavaga tushgani” va Dmitriyevga muzokaralar xonasida stul berishdan bosh tortgani ma’lum qilindi. Amerikaliklar vaziyatni hayron qolib kuzatgan.
Ta’kidlanishicha, Lavrov stulni stoldan surib, “Agar u (Dmitriyev) ishtirok etishni istasa, Vladimir Vladimirovich bu haqda shaxsan menga aytsin”, degan. Shundan so‘ng Dmitriyev jurnalistlar bilan suhbatlashish uchun zaldan koridorga chiqqan.
Hamma Putinning oldiga birma-bir boradi, u esa hammaga har xil gaplarni aytadi. Shu sababli ham hech kim muzokaralarda Rossiyaning talablarini aniq ifodalay olmayapti, dedi Agenstvo suhbatdoshlari.

Vashington bilan muzokaralarda Dmitriyevning muhim rol o‘ynashi haqidagi ma’lumotlarning asosiy manbai G‘arb ommaviy axborot vositalari edi. U Rossiyaning AQSH bilan muzokara strategiyasi muallifi sifatida tilga olingan. Biroq, yuqori maqomiga qaramay, Ar-Riyoddan olingan kadrlarga ko‘ra, Dmitriyev 18-fevral kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muzokara stoliga o‘tirmagan.








