Daryo

“Qo‘rg‘on sirlari”ning final sanasi ko‘chirildi, Murat Yildirim psixoligik trillerda o‘ynadi, Hande Erchelning to‘yi nega kechikmoqda? Turk kinosi yangiliklari

“Qo‘rg‘on sirlari” serialining so‘nggi qismlarida suratga tushayotgan aktyor Mert Ramazon Demir harbiy xizmatga ketishi haqidagi ma’lumotlar tasdiqlandi

3 daqiqa o‘qish63 831 ko‘rishlar0 izoh0

Turk aktyor va aktrisalari shaxsiy hayotida ro‘y berayotgan yangiliklar va hozirda yulduzlar nimalar bilan band ekani haqida ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Foto: The Girl

“Olis shahar” seriali tarkibiga aktrisalardan Gul Chakir va Nursel Ko‘se qo‘shildi

“Olis shahar” serialining mashhurligi tobora o‘sishda davom etmoqda va shu sababli aktyorlar tarkibi ham kengaymoqda. Insayderlar ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda loyihada ikkita maftunkor aktrisa paydo bo‘ladi. Jihanning ilk muhabbati Meryem rolini aktrisa Gul Chakir ijro etadi.

Foto: The Girl

Nursel Ko‘se esa serialda Alyaning onasi obrazini gavdalantiradi. Ko‘plab turk loyihalarini tomosha qilgan dizi muxlislari Nurselga odatda salbiy rollar berilishini payqagan bo‘lsa kerak.

Foto: The Girl

Faruk Sabanji va Esra Bilgich o‘z ota-onalarini tanishtirdi

Hande Erchel va Hakan Sabanji to‘ylari haqidagi savollarga javob berishdan qochayotgan bir paytda, Faruk Sabanji va latofatli aktrisa Esra Bilgichning ishqiy munosabatlari rivojlanishda davom etmoqda. Bu hafta turk matbuoti ularning ota-onalari bir-biri bilan tanishgani haqida xabar berdi. Muxlislar tez orada juftlikning to‘yi bo‘lib o‘tishiga ishonch bildirmoqda.

Foto: The Girl

Hande Erchel Hakan Sabanji bilan kechikayotgan to‘yi haqidagi savollarga javob berdi

Turkiyalik jurnalistlar Parij moda haftaligidan qaytayotgan aktrisani aeroportda kutib olishdi va Erchelga ko‘plab savollar berishdi. Ulardan eng qiziqarlisi, albatta, Handening Hakan bilan to‘yi qachonligi haqida edi. Aktrisa jurnalistlarning uning shaxsiy hayotiga aralashishini yoqtirmadi va quyidagicha javob berdi: 

Bu mening shaxsiy hayotim. Rostini aytsam, bu mavzuda gaplashishni umuman istamayman, dedi u.
Foto: The Girl

“Qora yurak” seriali ikkinchi mavsumga uzaytirilishi mumkin

Bosh rollardan birida Hafsanur Sanjaktutan ishtirok etgan serial 26 qismdan so‘ng yopilishiga to‘g‘ri keldi, chunki uning reytingi tushib ketayotgan edi. Ammo so‘nggi oylarda tomoshabinlarning unga qiziqishi yana osha boshladi. Hozirda mazkur loyihaning birinchi fasli to‘liq 35 qismdan iborat bo‘lishi va agar uning reytingi o‘sishda davom etsa, serial 2025-yilning kuzida ekranlarga qaytishi ehtimoli borligi aytilmoqda.

Foto: The Girl

“Qizil xona” seriali yulduzi Merich Aral farzand kutmoqda

“Qizil xona”, “Rahmat, keyingisi” kabi loyihalardagi rollari bilan tanilgan Merich Aral turmush o‘rtog‘i Serkan Keskin ikkisi farzand kutayotganini tasdiqladi. Ularning to‘yi 2024-yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan edi, aktrisaning ma’lum qilishicha, ular tez orada o‘g‘il farzandli bo‘ladi.

Foto: The Girl

“Muhtasham yuz yil” seriali yulduzi Halit Ergench qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin

12 yil avval bo‘lib o‘tgan mamlakat to‘ntarilishiga yordam berganlikda va hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashganlikda ayblangan Ayshe Barim ishi bo‘yicha Halit Ergench yolg‘on ko‘rsatma berganlikda ayblanmoqda. Tez kunlarda yakuniy sud ishi bo‘lib o‘tadi.

Foto: The Girl

Mert Ramazon Demir “Qo‘rg‘on sirlari” finalidan so‘ng harbiy xizmatga ketadi

Ayni paytda “Qo‘rg‘on sirlari” serialining so‘nggi qismlarida suratga tushayotgan aktyor Mert Ramazon Demir harbiy xizmatga ketish taraddudida ekanligi haqida ma’lumotlar tasdiqlandi. Turk matbuoti maʼlumotlariga ko‘ra, Mert Ramazon Demirning aynan qayerda xizmat qilishi ham maʼlum. Birsen Altuntashning aytishicha, aktyor aprel oyining birinchi haftasida Iskenderundagi harbiy qismga boradi. U yerda Mert bir oylik harbiy xizmatni o‘taydi.

Foto: The Girl

“Qo‘rg‘on sirlari”ning finali qismi 2025-yil 4-aprelga ko‘chirilishi mumkin

Gazete jurnalining xabar berishicha, loyiha yana bir haftaga uzaytirilishi mumkin, keyin esa yakuniy epizod 2025-yil 4-aprelda efirga uzatiladi va serial 101-qismda tugaydi. Hozircha bu haqda OGM jamoasi rasmiy bayonot bermagan.

Foto: The Girl

Murat Yildirim xorijiy hamkasblariga minnatdorlik bildirdi

Foto: Instagram

2025-yil boshida eronlik kinorejissyor va turkiyalik rejissyor boshchiligidagi yangi filmda Murat Yildirim hamda fransiyalik aktrisa Yeva Grin suratga tushdi. Psixologik triller prodyuseri Martin Skorseze bo‘lib, Murat Yildirim ajoyib jamoa bilan ishlaganidan mamnun ekani haqida o‘zining Instagram sahifasida xabar qoldirdi

Foto: Instagram

Siz bilan uchrashish va ishlash juda yoqimli bo‘ldi. Kamera meni suratga olayotgan paytda qanday diqqat bilan qaraganingizni hech qachon unutmayman. Kelajakda eng sharafli mukofotlarning barchasini olishingizni chin dildan tilayman, Yeva Grin!

Janob Bahman, siz esa menga nimalarga qodir ekanligimni eslatib qo‘ydingiz. Sizning teran fikrlashingiz menga ulkan ilhom berdi va sizdan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Mazkur loyiha ajoyib film bo‘lishiga shubham yo‘q, deya so‘zlarini yakunladi Yildirim.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar