Daryo

Zelenskiy Rossiya qo‘shinlarining “rejasi” haqida gapirdi

Ukraina prezidenti Putin Kursk viloyati bo‘yicha yolg‘on ma’lumot berganini aytdi

2 daqiqa o‘qish18 222 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rus qo‘shinlari Ukraina hududidagi Kursk yo‘nalishida harbiylarni qurshovga olishga urinayotganini aytdi. Siyosatchi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bu boradagi rejalari haqida gapirdi. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” xabar berdi.

Foto: AP Photo
Mening fikrimcha, Rossiya tomoni ukrainalik harbiylarni aynan shu yo‘nalishda, ya’ni Kursk yo‘nalishida, ammo Ukraina hududida qurshab olmoqchi. Eng muhimi, bizning qo‘shinlarimiz va qo‘mondonlik bundan xabardor, va biz ularning buni qayerda amalga oshirmoqchi ekanliklarini aniq tushunib turibmiz. Ular, tabiiyki, Ukraina hududida imkon qadar ko‘proq mavjud bo‘lishni istamoqda va hech qanday yangilik yo‘q, deya ta’kidladi Zelenskiy brifingda.

U Kursk viloyatida Ukraina qo‘shinlari qurshab olingani haqidagi ma’lumotlar “Putinning yolg‘oni” ekanini aytdi. Zelenskiy viloyatda Ukraina armiyasining operatsiyasi davom etayotganini ta’kidladi.

Bugun razvedka ma’lumotlarimiz bir-biriga mos kelgani uchun minnatdorman. Biz Ukraina tomoni Kursk viloyati hududida mavjudligi va ukrainalik harbiylarning qurshovda qolgani haqidagi gaplar Putinning yolg‘oni ekanligini muhokama qildik. Kursk viloyati hududida Ukraina harbiylarining hech qanday qurshovi yo‘q, dedi Zelenskiy.

Siyosatchi Ukrainaning hamkorlari uning so‘zlarini razvedka va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari orqali tekshirib ko‘rishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Rossiya armiyasi Ukrainaning Sumi viloyatiga zarba berish uchun kuch to‘plamoqda

Ukrainaning sharqiy chegarasi bo‘ylab Rossiya armiyasi kuch to‘playotganini ko‘ryapmiz. Bu Sumi viloyatiga zarba berish istagidan dalolat beradi. Buni tushunamiz va qarshilik ko‘rsatamiz. Istardimki, barcha hamkorlar ham Putin aynan nimani rejalashtirayotgani, nimaga tayyorgarlik ko‘rayotgani va aynan nimani e’tiborsiz qoldirishini tushunsin.

Rossiya kuchlarining to‘planishi Moskvaning kelajakda ham diplomatiyani e’tiborsiz qoldirish niyatida ekanidan dalolat beradi. Urush Rossiya tomonidan cho‘zilishi aniq. Biz hamkorlarimizga frontdagi, Kursk viloyatidagi va chegara bo‘ylab vaziyat haqidagi barcha real ma’lumotlarni taqdim etishga tayyormiz, dedi u.

13-mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir shart bilan Ukrainadagi jangovar harakatlarni 30 kunga to‘xtatishga roziligini aytgandi. Unga ko‘ra, ushbu taklif faqat uzoq muddatli tinchlikka olib kelgan taqdirdagina qabul qilinadi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar