Daryo

Tramp Yamanda husiylarga qarshi harbiy harakatlarni boshladi

Zarbalar oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lib, 9 kishi yaralandi

1 daqiqa o‘qish6 716 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp Amerika qurolli kuchlariga Yamandagi husiylarga qarshi "qat’iyatli va kuchli" harbiy harakatlarni boshlashni buyurdi. Bu haqda u 15-mart, shanba kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. 

Foto: Osamah Abdulrahman

Uning aytishicha, AQSH Qurolli kuchlari "hozirning o‘zida" Amerika kemalarini himoya qilish va Qizil dengizda kema qatnovi erkinligini tiklash maqsadida guruhning bazalari, rahbarlari va raketaga qarshi mudofaa tizimlariga havo zarbalari bermoqda.

Tramp husiylarni Amerika va boshqa kemalar, samolyotlar hamda uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi "to‘xtovsiz qaroqchilik, zo‘ravonlik va terrorizm kampaniyasi" olib borishda aybladi. U AQSHning sobiq prezidenti Jo Baydenning harakatlari yetarlicha qat’iy bo‘lmagani tufayli husiylar hujumlarni davom ettirganini ta’kidlagan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, guruh kemalarga hujum qilishni to‘xtatmaguncha va mintaqada xavfsizlik tiklanmaguncha zarba berish davom ettiriladi. Shuningdek, u Eronga tahdid qilib, husiylarni qo‘llab-quvvatlashni "darhol to‘xtatish"ni talab qildi va agar aralashuv davom etsa, Tehronni javobgarlikka tortishini va’da qildi.

Foto: Sinxua

Amerika ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, Yaman husiylariga qarshi operatsiyada USS Harry S Truman aviatashuvchisi boshchiligidagi zarba guruhi ishtirok etmoqda. Uning tarkibiga uchta esmines va bitta kreyser kiradi. Mintaqada AQSHning USS Georgia qanotli raketalari bilan qurollangan suvosti kemasi ham faoliyat yuritmoqda.

Yaman Husiylarining sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, AQSH aviazarbalari natijasida 19 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. 

Yaman poytaxti Sanoga berilgan zarbalar oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lib, to‘qqiz kishi yaralangan. Shimoliy Saada viloyatiga uyushtirilgan hujumda esa yana olti kishi jon bergan. Qurbonlar orasida to‘rt bola va bir ayol bor. 

OAV Amerika zarbalarini husiylarning Isroil bilan bog‘liq kemalarga hujumlarni qayta boshlash haqidagi bayonoti bilan bog‘lamoqda.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar