Daryo

Tramp Oq uyni Tesla avtomobillari shou-rumiga aylantirdi

AQSH prezidenti Ilon Maskning inqirozga kirib borayotgan kompaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun Tesla avtomobillarini namoyishkorona sotib oldi

2 daqiqa o‘qish10 944 ko‘rishlar0 izoh0

Oq uy hovlisida AQSH prezidentiga Tesla avtomashinalari namoyish qilindi. Donald Tramp Ilon Mask hamrohligida ularni ko‘zdan kechirdi. 

Prezident jurnalistlar qarshisida Model S avtomobilini sotib olish uchun chek yozib berishini aytdi. 

Men chek yozishni yoqtiraman, bu zamonaviy tizimdan ko‘ra yaxshiroq. Shundoq ham hisobingizga pul tushadi, dedi u.

Shuningdek, Tramp Maskdan chegirma so‘ramasligini aytib, prezident sifatida buni o‘ziga ravo ko‘rmasligini ta’kidladi.

Bu juda yaxshi mahsulot, eng zo‘ridan. Va yana bir sabab — bu inson (Mask) hayotini shu ishga bag‘ishlagan, dedi Oq uy rahbari.

Tramp tadbirkorni maqtab, u kichik bir guruh odamlar tomonidan nohaq tanqid qilinayotganini ta’kidladi.

U vatanparvarlik uchun jazolanmasligi kerak, dedi prezident.

Tramp, shuningdek, mashinalarni shaxsan haydamasligini, chunki bunga ruxsat yo‘qligini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi avtomobillar Oq uy xodimlari, jumladan, matbuot bo‘yicha maslahatchi Margo Martin tomonidan boshqariladi.

Ular juda xursand. Margo ham foydalanadi, hammasi minadi va bundan zavqlanadi, dedi Oq uy rahbari. 

Shu bilan birga, Tramp nabirasi Kaiga ham mashina sotib olganini tasdiqladi. Prezident bu uchun noodatiy dizaynga ega Tesla Cybertruck avtomobilini tanlagan. 

Uni juda ajoyib qiz uchun maxsus oldim. Kai golfni juda yaxshi o‘ynaydi va buyumlarini mashina yukxonasiga joylashtiradi, dedi Tramp.
Donald Tramp va Ilon Mask Cybertruck avtomobili yonida.
Foto: Getty Images

Biroq Oq uyda yuz bergan voqeaning eng muhim epizodi bu emas. Prezident aksiyalari pastlab borayotgan Tesla’ni qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, kompaniyaga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ortib borayotganini qayd etdi.

Tesla aksiyalari Ilon Mask Oq uyga kelganidan beri qadrsizlanib bormoqda. Bunga uning bahsli bayonotlari ortidan boshlangan boykot kampaniyasi sabab. Qolaversa, Tesla avtosalonlariga hujum uyushtirib, moddiy talafot yetkazilgan holatlar ham yo‘q emas. Bu, ayniqsa, Yevopa mamlakatlarida keng yoyilmoqda.

AQSH prezidenti Ilon Mask bilan birga Tesla Model S mashinasini ko‘zdan kechirdi. 
Foto: Getty Images

Davlat rahbarlarining muayyan mahsulotni tavsiya qilishi siyosiy etika, ba'zan esa qonunlar bilan taqiqlangan. Qolaversa, Ilon Mask prezidentga yaqin va uning saylovoldi kopmaniyasini moliyalashga o‘z hissasini qo‘shgan donorlardan biri hisoblanadi. Reuters xabariga ko‘ra, tadbirkor bu uchun 250 million AQSH dollari sarflagan. 

Shu bois tanqidchilar Trampni yashirin reklamada ayblab chiqdi. Ba’zi siyosatchilar esa Oq uy “shou-rumga aylanganidan” noroziligini bildirdi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar