Daryo

Avstraliyada 2,4 million bolaga donorlik qilgan erkak vafot etdi 

Erkakning qonida noyob antitanacha mavjud bo‘lib, u hali tug‘ilmagan chaqaloqlar uchun dori vositalarida qo‘llanadi

1 daqiqa o‘qish7 796 ko‘rishlar0 izoh0

Avstraliyada 2,4 million bolaga donorlik qilgan Jeyms Harrison 88 yoshida qariyalar uyida vafot etdi. Bu haqida BBC xabar berdi.

Foto: LinkedIn

Harrisonning qonida kamdan-kam uchraydigan Anti-D antitanacha mavjud bo‘lib, ushbu modda hali tug‘ilmagan chaqaloqlar uchun dori-darmon vositalarida keng qo‘llaniladi. Avstraliya Qizil Xoch xizmatiga ko‘ra, marhum 14 yoshida ko‘krak qafasidagi katta operatsiyani boshdan kechirgan. Organizmda ko‘p miqdorda qon quyilgan. Shundan so‘ng erkak umrining so‘nggigacha donor bo‘lishni niyat qilgan.

U 18 yoshidan boshlab qon topshirishni boshlagan va 81 yoshga to‘lgunga qadar buni har ikki haftada davom ettirgan. Harrison 2005-yilda eng ko‘p qon plazmasi topshirish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan.

Uning qizi Treysi Melloshipning aytishicha, otasi “hech qanday xarajat va og‘riqsiz ko‘plab odamlar hayotini saqlab qolgani sababli undan juda faxrlanadi”.

Marhum qizi va ikki nevarasi uchun ham donor vazifasini o‘tagan.

Otamning mehribonligi tufayli biznikiga o‘xshagan ko‘plab baxtli oilalar haqida eshitishdan xursandman, deydi Melloship.

Anti-D antitanachasi endi tug‘ilgan chaqaloqlarda gemolitik kasallik (HDFN) rivojlanishining oldini oladi. Bu kasallik homiladorlik vaqtida onaning qon guruhi chaqaloqning qon guruhi bilan mos kelmaganda yuzaga keladi. Onaning immun tizimi chaqaloqning qizil qon tanachalariga hujum qiluvchi antitanalarni ishlab chiqaradi, bu esa og‘ir anemiya, yurak yetishmovchiligi va hatto o‘limga olib kelishi mumkin.

1960-yillarda anti-D davosi ishlab chiqilishidan oldin, HDFN tashxisi qo‘yilgan chaqaloqlarning yarmi halok bo‘lgan. Avstraliyada 200 ga yaqin anti-D donor bor va ular har yili 45 ming onalar va ularning chaqaloqlariga yordam beradi.

Hozirda Avstraliyaning Walter va Eliza Hall tibbiyot tadqiqot instituti anti-D antitanachasini laboratoriyada yetishtirish ustida ishlamoqda. Tadqiqotchilar kelajakda bu usul butun dunyo bo‘ylab homilador ayollar uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lishiga umid qilmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar