Daryo

“Titanik”dagi Leonardo Di Kaprioning kichik erkatoyi hozir qanday ko‘rinishda? (foto)

Suratga olish jarayonida u atigi 8 yoshda bo‘lgan

2 daqiqa o‘qish151 228 ko‘rishlar0 izoh1

“Titanik” filmida Kora rolini ijro etgan Aleksandra (oddiy qilib aytganda Aleks) Ouens-Sarno 1988-yil 9-noyabrda San-Diyegoda tavallud topgan. Jeyms Kemeron epizodik va ommaviy sahnalar uchun ochiq kasting o‘tkazayotganida, u onasi va 3 yoshli singlisi bilan birga tanlovga kelgan. Rol uchun sinovlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Rosarito-Bichdagi suratga olish maydonida o‘tkazilgan.

O‘sha paytda 3-sinfda ta’lim olayotgan Ouens-Sarno boshqa o‘nlab qizlar qatorida navbatga turgan, u bir necha so‘z aytgan va kasting rejissyori oldida ozgina raqs tushgan, ammo... rad etilgan. Biroq bir haftadan so‘ng unga Kora rolini taklif qilishdi, onasi va singlisi esa statistlar sifatida tasdiqlandi.

Aleks uchun bu kinodagi ilk qadami edi. Uning uchun suratga olish ishlari keyinchalik filmdan olib tashlangan sahnadan boshlangan. Dastlab ssenariyda Koraning oilasi bilan birga halok bo‘lishi tasvirlangan epizod mavjud edi. Ouens-Sarno bu tryukni o‘zi bajargan va suratga olish jarayonida “cho‘kkan”. Ammo keyinchalik bu sahnani filmning yakuniy variantiga kiritmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ammo filmga Aleksni mashhur qilgan boshqa sahna kiritiladi — u DiKaprio bilan raqsga tushgan sahna. Rouz bilan raqsga tushishdan oldin Jek unga: “Sen men uchun sevimli bo‘lib qolasan, Kora”, deydi.

Bu yoqimli sahna millionlab tomoshabinlarning yuragidan joy oladi. Ouens-Sarno eslashicha, o‘shanda u DiKaprio kim ekanligini hatto yaxshi bilmasdi. Faqat uyda onasi unga “Gilbert Greyp” filmini ko‘rsatgandan keyin, Aleks Leo aslida professional aktyor ekanligini tushunadi.

“Men uning haqiqiy aktyor ekanini bilmasdim. U mening do‘stim edi va bu juda qiziqarli edi”, deb eslaydi Aleks.

Aktrisaning aytishicha, Leo unga juda mehribon bo‘lgan, unga yeryong‘oq yog‘i va jeleli sendvichlar olib kelar, dubllar orasida u bilan suhbatlashar, tanaffuslarda esa uning singlisi bilan o‘ynashdan zavqlanardi.

“Titanik” muvaffaqiyatidan so‘ng Aleks aktrisa bo‘lishni istaydi, unga hatto agent ham topiladi, ammo premyeradan keyin uni ko‘chalarda tanib qolishgan va dastxat so‘rashgan bo‘lsa-da, u yulduz bo‘lolmadi.

Kollejdan so‘ng u Los-Anjelesga ko‘chib o‘tib, aktyorlik kurslariga yoziladi. Bugungi kunda Ouens-Sarno muxlislari bilan muloqot qiladigan blog yuritadi, shuningdek, sketch komediya va improvizatsiya janrida ishlaydi.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar