Daryo

50 yoshda hayot endi boshlanadi: keksayganda mashhurlikka erishgan aktyorlar

“Titanik” filmidagi eng keksa qahramonni gavdalantirgan aktrisa Gloriya Styuart 87 yoshida butun dunyoga mashhur bo‘ldi

4 daqiqa o‘qish28 028 ko‘rishlar0 izoh0

Bugungi e’tiborimizga tushgan qahramonlarning umumiy bir jihati bor: ular umrlarining deyarli yarmini mashhurlik va muvaffaqiyat uchun kurashib o‘tkazgan. Qiyinchiliklarga qaramay, kech bo‘lsa-da, ular o‘z maqsadiga erishib, butun dunyoga taniqli yulduzga aylandilar. Axir aytganlaridek, 50 yoshdan keyin hayot endi boshlanadi.

Lesli Nilsen. 54 yoshida mashhur bo‘ldi

Foto: Dzen

Lesli Nilsen kanadalik aktyor bo‘lib, ko‘plab komediya va dramatik filmlardagi rollari bilan tanilgan. U 1926-yil 11-fevralda Kanadada tug‘ilgan, aktyorlik faoliyatini 1950-yillarda boshlagan va dastlab jiddiy rollarda, ayniqsa, ilmiy-fantastik va dramatik filmlarda ishtirok etgan. Keyinchalik komediya janriga o‘tib, o‘zining o‘tkir hazilkashligi va yuz ifodalari bilan tanilgan.

“Aeroplan” filmidan lavha
Foto: Giphy

Uning eng mashhur rollaridan biri 1980-yilda chiqqan “Aeroplan” filmidagi doktor Rumak obrazidir. Shuningdek, “Bo‘sh to‘pponcha” trilogiyasidagi leytenant Frank Drebin roli orqali xalq orasida ulkan shuhrat qozongan. Aktyorning o‘ziga xos komediya uslubi hazillarni jiddiy ohangda yetkazishga asoslangan edi, bu esa uning filmlarini boshqa loyihalardan ajratib turgan.

Tatyana Peltser. 51 yoshida rus xalqi e’tiborini qozongan

Foto: Dzen

Tatyana Peltser 1904-yilda Moskvada tug‘ilgan. Uning otasi — Ivan Peltser taniqli teatr aktyori va rejissyor edi. Otasi Tatyana hayotida katta rol o‘ynab, uning aktrisalik qobiliyatini rivojlantirishga yordam bergan.

Peltser teatrdagi faoliyatini yoshligidan boshlagan. U dastlab teatr truppalarida ishtirok etgan, keyinchalik Moskvadagi mashhur teatr sahnalarida o‘zining mahoratini namoyish qila boshlagan.

Foto: Dzen

Tatyana kino olamidagi muvaffaqiyati ham teatrga teng bo‘lgan. U ko‘pincha mehribon onalar, sho‘x buvilar yoki donishmand keksa ayollar obrazlarini ijro etgan. Uning “Sarpoli to‘y” (1953) filmidagi Lukarya Poxlebkina obrazi aktrisaga katta mashhurlik keltirgan. So‘ng Peltser “12 ta stul” (1976), “Shunchaki Mariya” serialida ishtirok etgan.

Tatyana Peltser faoliyati davomida ko‘plab unvon va mukofotlarga sazovor bo‘lgan. U “Rossiya xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangan va teatr hamda kino rivojiga katta hissa qo‘shgan san’atkor sifatida e’tirof etilgan.

Morgan Friman. 50 yoshida ilk bor “Oskar”ga sazovor bo‘lgan

“Shoushenkdan qochish” filmidan lavha
Foto: Dzen

Morgan Friman omad yulduzini yarim asr kutishiga to‘g‘ri keldi — haqiqiy shon-shuhrat unga 52 yoshida “Deyzi xonim haydovchisi” filmidagi rolidan keyin keldi. “Ko‘cha yigiti” filmiga taklif qilinganidan keyingina 50 yoshli aktyorning karyerasi nihoyat yaxshilana boshladi. Uning aktyorlik mahorati tanqidchilar tomonidan olqishlandi va mazkur loyiha uchun Friman “eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

So‘ng u “Ko‘cha bolasi” filmida o‘zining birinchi e’tiborga loyiq rolini o‘ynadi, hatto bu uchun yana bir bor “Oskar”ga nomzod bo‘ldi. Oradan vaqt o‘tib u “Yetti” va “Shoushenkdan qochish” kabi filmlarda suratga tushdi.

Hozirda aktyorning ishtirokida 100 dan ortiq filmlari bor. Va bu ajablanarli emas. Deyarli har yili Morgan bir nechta loyihalarda rol o‘ynaydi. Aktyor 4 marta oila qurgan, turmushining hammasidan ikki o‘g‘il va ikki qiz bor.

Iyen Makkelen. Gendalf obrazi bilan tanilganda 62 yoshda edi

“Uzuklar hukmdori” filmidan lavha
Foto: Dzen

Yen MakKellen filmlarda suratga tushishni 30 yoshdan keyin 70-yillarda boshlagan, ammo u 2000-yillarda, 60 yoshida bir vaqtning o‘zida ikkita mashhur loyihada: “G‘aroyib odamlar” (professor Magneto) va “Uzuklar hukmdori” (Gendalf) filmlarida rol o‘ynagan holda tomoshabinlar orasida shuhrat qozongan.

“G‘aroyib odamlar” filmidan lavha
Foto: Gifer

Meggi Smit. Minerva Makgonagal obrazi gavdalantirganda 67 yoshda edi

“Garri Potter va tilsim shahzoda” filmidan lavha
Foto: Dzen

Meggi Smit “Garri Potter” filmida ushbu rolga kastingsiz tasdiqlangan kamyob aktrisalardan edi. U “Daunton abbatligi”, “Furgondagi xonim”, “Merigold mehmonxonasi” va “Mening kampirim” kabi film va seriallarda suratga tushishga muvaffaq bo‘lgan.

Meggi Smit yoshligida
Foto: The List

Meggi o‘z davrida faol teatr aktrisasi ham edi, ammo u oxirgi marta faqat 2019-yilda sahnaga chiqqan. 2024-yilda vafot etganida 89 yoshda edi.

Judi Dench. 61 yoshida Jeyms Bondning rahbari rolini o‘ynagan

Foto: Dzen

Buyuk Britaniyada aktrisa sifatida mashhurlik qozonishiga qaramay, Dench Amerika film sanoatiga ham kirib keldi. U 1995-yilda suratga olingan “Oltin ko‘z” filmida Jeyms Bondning rahbari obrazi orqali muvaffaqiyatga erishdi. Dench o‘sha vaqtda 61 yoshda edi. U film ortidan “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritdi hamda oltita turli xil nominatsiyalar sohibasiga aylandi

Gloriya Styuart. Butun jahonga 87 yoshida tanilgan

Foto: Dzen

“Titanik” filmidagi eng keksa qahramonni gavdalantirgan amerikalik aktrisa Gloriya Styuart butun umri davomida o‘nlab rollarni ijro etgan. 23 yoshida aktrisa “Ko‘rinmas odam” filmida rol o‘ynab, ilk bor o‘z yurtida tanila boshlagan. 1932-yilda u “Eski qo‘rqinchli uy” dahshatli filmida ham suratga tushgan.

“Eski qo‘rqinchli uy” filmidan lavha
Foto: Giphy

Ikkinchi jahon urushi davrida u kinodan ketgan va badiiy adabiyotga qiziqib, kitoblar yoza boshlagan. Va 65 yoshga yetgandagina kinoga qaytib, aktrisalik faoliyatini davom ettirgan.

“Titanik” filmi katta ekranlarga chiqqanidan keyin aktrisa Gloriya Styuart 87 yoshida kino olamdagi faoliyati davomida ikkinchi bor dunyo bo‘ylab mashhurlikka erishdi. Aktrisa butun suratga olish guruhi a’zolari ichida haqiqatan ham kema halokatiga uchragan yagona inson edi (o‘shanda Gloriya 2 yoshda bo‘lgan). U “Titanik” filmidagi roli uchun “Oskar” mukofotiga ham nomzod bo‘lgan.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar