Daryo

Fransiyalik ayol soxta Bred Pitt uchun eri bilan ajrashdi va 850 ming dollar pulini yo‘qotdi

O‘zini aktyor Bred Pitt deb tanishtirgan firibgar 53 yoshli ayolning ishonchiga kirgan va aldovlar bilan katta miqdorda pul undirgan

2 daqiqa o‘qish20 854 ko‘rishlar0 izoh0

Fransiyalik 53 yoshli Enn o‘zini Bred Pitt deb tanishtirgan firibgarning qurboni bo‘ldi. Bu haqda TV.Mail.ru xabar berdi.

Ayol 2023-yilda ijtimoiy tarmoqlarda yangi akkaunt ochgan. Ma’lum vaqtdan so‘ng unga Pittning nomidan bir erkak xatlar yoza boshlagan. Avvaliga “aktyor” u bilan xushmuomala bo‘lgan va shirin suhbatlar olib borgan. So‘ng sumka va taqinchoqlar ko‘rinishida turli sovg‘alarni jo‘nata boshlagan. Biroq ularni qabul qilib olishdan avval go‘yoki bojxona xarajatlari uchun ayol har safar 5 ming dollardan ortiq pul to‘lashi kerak bo‘lgan.

Mavzuga doir: Ispaniyada o‘zini Bred Pitt deb tanishtirgan va ayollardan 360 ming dollar olgan firibgarlar qo‘lga olindi

Enn o‘zining firibgar so‘zlariga ishonib qolganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak ayollar psixologiyasini va ular bilan qanday gaplashish kerakligini bilgan. O‘sha vaqtda ayol millioner turmush o‘rtog‘i bilan og‘ir davrni boshdan kechirgan va erining unga yetarlicha e’tibor bermaganidan ranjigan. Natijada ayol soxta Bred Pitt uchun eridan kechgan.

Foto: Point

Enn so‘zlariga ko‘ra, avvaliga u Gollivud yulduzi bilan gaplashayotganiga shubha qilgan. Biroq sun’iy intellektdan foydalanib yasalgan soxta suratlar uni ishontirgan. Ko‘p o‘tmay, “Bred Pitt” o‘zida buyrak saratoni aniqlanganini aytib, davolanish uchun pul so‘ragan. U Anjelina Joli bilan ajrim jarayoni tufayli hisob raqami muzlatilganini aytgan va shu sababli kasalxona xarajatlarini o‘zi to‘lay olmasligini iddao qilgan. Sodda ayol “muvaffaqiyatsiz o‘tgan operatsiyalar” uchun jinoyatchiga bir necha marta minglab yevro yuborgan. Enn jami 855 ming AQSH dollaridan ortiq puli bergan.

Enn o‘sha davrda nafaqat turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganini, balki qizi bilan janjallashib qolgani, ko‘plab do‘stlarini yo‘qotgani va ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganini ham so‘zlab berdi. U Pitt va Ines De Ramon o‘rtasidagi munosabat haqidagi yangiliklarni o‘qigach, firibgarning qurboni bo‘lganini tushungan va politsiyaga murojaat qilgan.

Bred U Pitt va Ines De Ramon
Foto: The Telegraph

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar