Daryo

Ukraina ilk bor shimoliy koreyalik harbiyni asirga oldi

Janubiy Koreya razvedkasi asirga tushgan harbiy yaralanganini ma’lum qildi

1 daqiqa o‘qish21 441 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina qo‘shinlari Kursk viloyatida shimoliy koreyalik harbiyni asirga oldi. Ma’lumotni Janubiy Koreya razvedka xizmati tasdiqladi. Bu haqda Yonhap xabar berdi.

Foto: Telegram
“Do‘st mamlakatning razvedka tashkiloti bilan real vaqt rejimida ma’lumot almashish orqali biz yaralangan Shimoliy Koreya askarining qo‘lga olinganini tasdiqladik. Vaziyatning keyingi rivojlanishini sinchkovlik bilan o‘rganish niyatidamiz”, deyiladi Koreya razvedkasi bayonotida.

26-dekabr kuni Ukraina jangchilari urushga jalb qilingan birinchi Shimoliy Koreya askarini qo‘lga olgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Shuningdek, voqea joyidan olingan fotosuratlar ham e’lon qilindi. Asir olingan askar yaralangani aytilgan, ammo uning ahvoli bo‘yicha boshqa tafsilotlar mavjud emas.

Foto: t.me/the_warshal18

Ukraina ommaviy axborot vositalari Kursk yo‘nalishidagi operatsiya muvaffaqiyatli bo‘lganini xabar qildi. Harbiylar nafaqat jangovar vazifani bajargani, balki zirhli transportyor va asirni ham qo‘lga kiritgani ta’kidlangan.

KXDRdan Ukrainadagi urushga yuborilgan askarlar

Janubiy Koreya va AQSHning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaga 10 mingdan ortiq askar yuborilgan. Ulardan ba’zilari allaqachon Kursk viloyatidagi janglarda qatnashgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushga yuborilgan Shimoliy Koreya askarlari soni 100 mingga yetishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Seul ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga og‘ir artilleriya – o‘ziyurar gaubitsalar va ko‘plab raketa tizimlarini ham yetkazib beradi. Rossiya va Shimoliy Koreya Ukrainaga hujum boshlanganidan keyin harbiy sohadagi hamkorlikni kuchaytira boshladi. 2024-yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurib, Kim Chen In bilan hujum sodir bo‘lgan taqdirda bir-birini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi, shuningdek, G‘arb sanksiyalariga qarshi hamkorlikni o‘z ichiga olgan keng qamrovli strategik shartnoma imzolagan edi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar